Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Toshkent tibbiyot akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti etib qayta tashkil etiladi

04-dekabr 15:58
Toshkent tibbiyot akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti etib qayta tashkil etiladi

Prezidentning “Toshkent davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining kuzatuv kengashi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:

Toshkent tibbiyot akademiyasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti etib qayta tashkil etish;

Universitet tarkibida:

  • Toshkent tibbiyot akademiyasining Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriya negizida belgilangan tartibda jalb etiladigan byudjetdan tashqari mablagʻlar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan Eksperimental tibbiyot ilmiy-tekshirish institutini tashkil etish;
  • Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikasi etib qayta tashkil etish.

Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • oʻquv jarayonini amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va innovatsion oʻquv-metodik materiallarni keng joriy etish, klinika va oʻquv bazalari faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uygʻunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bogʻliqligini taʼminlash;
  • xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish;
  • universitet ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-oʻqituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini taʼminlash;
  • respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari va qadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlikda tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish boʻyicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish;
  • universitetni 2025-yilgacha xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar Times Higher Education reytingining Good health and well-being yoʻnalishi boʻyicha birinchi 200 talikdagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish;
  • universitet moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, oʻquv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash.

Belgilanishicha:

  • universitet tibbiyot sohasi uchun oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;
  • universitet Toshkent tibbiyot akademiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
  • Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olayotgan talabalar universitetda mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida oʻqishini davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda davlat namunasidagi universitet diplomi beriladi;
  • universitet klinikasi, akademik litseyi, Eksperimental tibbiyot ilmiy-tekshirish institutining muassisi universitet hisoblanadi va ularning faoliyati universitet tomonidan muvofiqlashtiriladi;
  • universitet tarkibiy tuzilmalari davlat muassasalari hisoblanadi va shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
  • universitetning tarkibiy tuzilmalari rahbarlari universitet kengashining taqdimnomasiga koʻra sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.