Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Yoshlar uchun til sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi

14-avgust 17:21
Yoshlar uchun til sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi

1-sentabrdan til sertifikatini olishdagi o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

2024-yil 1-sentabrdan boshlab, til sertifikatini olish uchun o‘qish xarajatlari qoplab beriladi. Bu o‘zgarishlar ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ulardan olingan ballarning minimal ko‘rsatkichi ham pasaytiriladi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi takomillashtirilishi sababli, hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 1-sentyabrdan boshlab, xalqaro imtihon tizimlaridan kamida C1 va unga tenglashtirilgan daraja olgan yoshlarning 6 oygacha bo‘lgan o‘qish xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda mablag‘ qoplab beriladi.

Imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilish bilan birga, BHMning 3 baravari1,02 mln so‘m miqdorida bir martalik to‘lovlar ajratiladi.

Kompensatsiya olish mumkin bo‘lgan tillar va imtihon tizimlari:

  • Ingliz tili: IELTS
  • Nemis tili: Test DAF, Goethe-Zertifikat
  • Fransuz tili: DELF/DALF, TCF
  • Koreys tili: TOPIK I-II
  • Xitoy tili: HSK
  • Yapon tili: JLPT

Joriy yilning 1-sentyabridan 2027-yilgacha ushbu tillar bo‘yicha imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish uchun to‘planishi lozim bo‘lgan ballning minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.

Kompensatsiya olish shartlari:

  • Arizalar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali qabul qilinadi.
  • Kamida C1 va unga tenglashtirilgan darajadagi xalqaro sertifikat olgan sanadan boshlab 180 kalendar kun ichida murojaat qilinishi lozim.
  • Sertifikatda ko‘rsatilgan imtihon natijasining haqiqiyligi va to‘g‘riligi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
  • O‘quvchi va o‘quv markazi bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma ilova qilinishi zarur.

Agar murojaat 16 yoshga to‘lmagan yoshlar nomidan bo‘lsa, ota-onasi tomonidan berilgan arizaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma qo‘shiladi.

Imtihon uchun kompensatsiya so‘ralgan murojaatga qo‘shimcha ravishda, o‘qish xarajati uchun ham murojaat qilinishi mumkin. Ammo o‘qish xarajati uchun kompensatsiya olish bo‘yicha alohida qilingan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.