Abituriyent, shpargalka, imtihon – trenddagi so‘zlar aslida qanday maʼnoga ega bo‘lgan?
Prezident maktabiga tayyorlanuvchilar uchun mobil ilova
➡️ YUKLAB OLISH
“Daryo” kolumnisti Orif Tolib abituriyentlar orasida eng ko‘p tilga olinayotgan so‘zlarning kelib chiqishi, kechmishi haqida hikoya qiladi.
Abituriyent – ketadigan odam
Foto: Pixabay
Abituriyent so‘zining ildizi lotincha abituriens yoki abiturientis so‘ziga borib taqaladi. Ma’nosi – ketishga chog‘langan kishi. Abiturus so‘zi esa ketishi kerak bo‘lgan kishi ma’nosiga ega. Izohli lug‘atga ko‘ra, abituriyent o‘zbek tilida o‘rta maktabni bitirayotgan o‘quvchini, oliy yoki o‘rta maxsus o‘quv yurtiga kirish uchun da’vogarni anglatadi. Biroq hozir so‘z birinchi ma’nosida deyarli qo‘llanmay qo‘ygan. Abituriyent deganda o‘qishga topshirgan yoki topshirmoqchi bo‘lganlar tushuniladi.
Bu so‘z bizga rus tilidan kirgan. Rus tiliga esa nemis tilidan o‘tgan. Biz bilgan ma’nodagi abituriyent atamasi sobiq sovet davlatlari hududidagina qo‘llanadi xolos. XIX asr oxirlarida abituriyent deb o‘rta ma’lumot haqidagi attestatni olgan o‘quvchi tushunilgan. Nemis gimnaziyalarida o‘rta ta’lim guvohnomasini olish uchun abiturienten yoki absolutorialexamen deb nomlangan imtihonlar o‘tkazilgan.
So‘zdagi ma’no evrilishini qarang. Bir paytlar ketmoqchi bo‘lgan kishi ma’nosidagi so‘z hozir o‘quv yurtiga kirmoqchi bo‘lgan kishi ma’nosini tashiyapti.
Shpargalka yo‘rgaklanadimi?
Foto: Wikipedia
Abituriyent va talabalar tilida shpora shaklida qo‘llanadigan shpargalka so‘zining ildizi yunoncha sparganon – yo‘rgak so‘ziga borib taqaladi. Bunda ham ramziy ma’no borga o‘xshaydi. Muhim ma’lumotlar yozilgan qog‘ozlarni imtihon topshiruvchilar xuddi ona bolasini yo‘rgaklaganday avaylab-asraydi, birov topolmaydigan darajada yashirishga urinadi.
Imtihon paytida yashirincha foydalaniladigan qaydqog‘ozni anglatuvchi shpargalka so‘zi o‘zbekchaga ruschadan o‘zlashgan. Ruschaga esa polyak tilidan. Polyakcha szpargal, szpargalka so‘zi yozib tashlangan, eski qog‘ozni bildirgan.
Karnaychidan bir puf: imtihonda shpargalkadan foydalanish taqiqlangan, u bilan qo‘lga tushsangiz, test sinovlaridan chetlatilishingiz mumkin.
Imtihon va test – egizak
Foto: “Ы operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari” filmidan lavha
Imtihon va test so‘zlarining asl ma’nosi bir xil. Ikki so‘z ham sinov, tajriba, o‘rganish ma’nolariga ega. Imtihon arab tilidan, test esa ingliz tilidan kirib kelgan.
Imtihon so‘zi tilimizdan o‘rin olganiga bir necha yuz yillar bo‘lgan. U Alisher Navoiy davrida sinash, tekshirish, tajribadan o‘tkazish ma’nolarida qo‘llangan:
Imtihon uchun buyurdikim, bir tabaqda o‘t va birida yoquti ahmar kelturdilar. (Alisher Navoiy, “Tarixi anbiyo va hukamo”)
Test so‘zi yangi o‘zlashmalardan. U o‘tgan asrning 90-yillari oxirida, yurtimizda test imtihon tizimi joriy qilingach, iste’molga kirdi. 1981-yili nashr qilingan izohli lug‘atda test so‘zi yo‘q.
Bugun o‘zbek tilida test qisqa standart topshiriqlarni va so‘rovnomani ifodalaydi. Uni sinash, tajriba qilib ko‘rish ma’nosida ishlatish ham uchrab turadi.
Talaba – talab qiluvchi, student – qattiq ishlovchi
Foto: Pixabay
Oliy yoki o‘rta maxsus bilim yurti o‘quvchisi talaba deyiladi. Arab tilidan o‘zlashgan bu so‘z tilimizda ko‘pdan beri bor. U asliyatda so‘rovchilar, talab qiluvchilar; o‘quvchilar kabi ma’nolarni anglatadi. Alisher Navoiy bu so‘zni shogirdlar, o‘quvchilar ma’nosida qo‘llaydi:
Ilm talabasi uchun madrasa ham ihdos qildi. (Alisher Navoiy, “Nasoyimul muhabbat”)
Eski o‘zbek tilida talaba ma’nosida uning biroz o‘zgargan shakli – tolib va tolibi ilm so‘zlaridan keng foydalanilgan. Tolibi ilm atamasi bugungi tilimizda ham bot-bot ishlatib turiladi. Tolib so‘zi arab tilida izlovchi; talab qiluvchi, xohlovchi; o‘quvchi; tinglovchi kabi ma’nolarni anglatadi. Tolibi ilm ilm talab qiluvchi, ilm izlovchi demakdir.
Mustaqillik yillarida o‘z o‘rnini talabaga bo‘shatib bergan student so‘zi dastlab hozirgidan boshqa ma’noda qo‘llangan. Lotin tilida studens so‘zi qattiq mehnat qiluvchi, berilib ishlovchi kishiga nisbatan ishlatilgan. Qadimgi Rimda va o‘rta asrlarda ilm bilan shug‘ullanuvchi har qanday kishi student atalgan. XII asrda universitetlar paydo bo‘lgach, student atamasi unda o‘qiydigan va dars beradiganlarni anglata boshlagan. Magistr, professor kabi ilmiy darajalar ta’sis qilingach esa, bu ibora faqat talabalarga nisbatan qo‘llana boshlagan.
Institut qizlar o‘qiydigan joy bo‘lganmi?
Foto: Pixabay
Institut oliy o‘quv yurtini yoki ilmiy tadqiqot muassasasini bildiradi. U mustaqil tashkilot bo‘lishi ham, universitet tarkibida faoliyat yuritishi ham mumkin. Lotincha institutum – tashkilot, tuzilma, odat so‘zidan hosil bo‘lgan. So‘z tarkibidagi in – ichida, doirasida, statuo – quraman, o‘rnataman ma’nosiga ega. So‘zdagi st o‘zagi qadimgi hind-yevropa tillariga borib taqaladi. Uning ma’nosi bo‘lmoq, turmoqdir. Konstitutsiya so‘zi ham ana shu o‘zakka borib taqaladi.
Institut so‘zi bizga ruschadan o‘zlashgan. Rus tiliga esa fransuzchadan kirgan. Rus tilida XIX asr boshidan ilm maskani ma’nosida qo‘llana boshlagan. Rossiya imperiyasida institut oqsuyaklarning qizlari o‘qiydigan yopiq shakldagi o‘rta ta’lim dargohini ham bildirgan.
O‘rta Osiyoda, jumladan, hozirgi O‘zbekiston hududida institut va universitetlar vazifasini madrasalar o‘tagan.
Universitet – fanlar jamlangan joy
Foto: Pixabay
Universitet so‘zining ildizi lotincha universitas litterarum atamasiga borib taqaladi. U barcha fanlar jamlanmasi degan ma’noni bildiradi. Chunki universitetlar yuzaga kelgan paytda ularda o‘sha zamonda ma’lum bo‘lgan barcha fanlar o‘qitilgan. Hozir ham universitetlar keng tarmoqli ekani bilan ajralib turadi. Institutlar odatda bitta yo‘nalishda faoliyat olib borsa, universitetlarda xilma-xil yo‘nalishdagi fakultetlar bo‘ladi.
Dastlabki universitetlar Italiyaning Bolonya (XI asr), Salerno (XII asr oxirlari), Fransiyaning Parij (1215), Monpele (1289), Buyuk Britaniyaning Kembrij (1209), Oksford (XII asrning ikkinchi yarmi), Ispaniyaning Salamanka (1218), Portugaliyaning Lissabon (1290) shaharlarida paydo bo‘ldi. Bular iqtisodiy jihatdan ancha rivojlangan, shaharlari ko‘p, savdo va hunarmandchiligi yuqori darajada bo‘lgan, madaniyat, falsafa va ilm-fan taraqqiy etgan mamlakatlar edi.
Sharqdagi oliy ta’lim dargohlari Yevropadan oldinroq paydo bo‘lgan. Tunisdagi az-Zaytun universitetiga 732-yili asos solingan. Mashhur tarixchi Ibn Xaldun ana shu ilm dargohi bitiruvchisidir. Marokashdagi Qaraviyyin universiteti 859-yili tashkil topgan. Misrdagi dunyoga mashhur al-Azhar universiteti esa 970-yildan faoliyatini boshlagan. Milliy ensiklopediyaga ko‘ra, Buxorodagi “Forjak” madrasasi O‘rta Osiyodagi dastlabki oliy ilm dargohlaridandir. U Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida aytib o‘tilgan 937-yilgi yong‘inda zarar ko‘rgan. Ushbu madrasaga Islom olamida mashhur faqih Abu Hafs Kabiyr Buxoriy (767–832) asos solgan. Shu bois u ko‘plab manbalarda Abu Hafs madrasasi deb ham atalgan. Abu Hafs Kabir madrasasida mashhur muhaddis Imom Buxoriy ham taʼlim olgan.
Mandat aslida “topshiriq” degani
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Odatda imtihon javoblari belgilangan, kutilgan sanadan kech chiqadi. Bu so‘z har yili avgust oyida abituriyentlar va ota-onalar eng ko‘p qaytargan ibora bo‘ladi.
Mandat so‘zi lotincha mandatum so‘zidan olingan, topshiriq, buyruq degan ma’noni anglatadi. Mandatum so‘zi mandāre – qo‘liga bermoq, topshirmoq so‘ziga, u esa manus – qo‘l, dare – bermoq o‘zagiga borib taqaladi.
Atama sifatida biror shaxsning vakolatini, muayyan faoliyat yoki narsaga huquqini tasdiqlovchi rasmiy hujjatni anglatadi:
Deputatlik mandati. Qo‘lga mandat bermoq.
Talabaning mandati esa oliy o‘quv yurtida o‘qish huquqini beruvchi hujjatdir. Imtihonda yig‘ilgan ball o‘qishga kirishga yetishini tasdiqlash mandatdir.