Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Ayrim toifadagi talabalarning yotoqxona xarajatlari Davlat byudjetidan qoplab beriladi

Bugun, 11:35
Ayrim toifadagi talabalarning yotoqxona xarajatlari Davlat byudjetidan qoplab beriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi 32-son qarori bilan ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylarida (TTJ) yashash xarajatlarini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi tasdiqlandi.

Mazkur imtiyozdan “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarning kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan farzandlari foydalanishi mumkin. Talabaning grant yoki kontrakt asosida oʻqishi ushbu toʻlovlarni olishga taʼsir qilmaydi.

Qarorga muvofiq:

  • Talabalar TTJga ustuvorlik asosida, navbatsiz joylashtiriladi;

  • Agar davlat yotoqxonasi mavjud boʻlmasa, talabalar davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan turar joylarga joylashtirilishi mumkin;

  • Yashash xarajatlari uchun toʻlovlar har oyning 15-sanasiga qadar talabaning bank plastik kartasiga oʻtkazib beriladi.

Shu bilan birga, quyidagi holatlarda talabaning arizasi rad etilishi yoki toʻlovlar bekor qilinishi mumkin:

  • Talaba TTJda shartnoma asosida yashamasa;

  • Taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki soxta maʼlumotlar aniqlansa;

  • Belgilangan muddatdan kech ariza topshirilsa.

Muhim: Talabgor o‘quv yili davomida akademik ta’tilga chiqqan, oilasi Ijtimoiy reestrda “kam ta’minlangan oila” toifasiga kirganiga yoki “davlat ta’minotidagi oila” va “kam ta’minlangan oila” toifasidan ushbu toifaga o‘tkazilganiga yo‘li ikki oydan ko‘p vaqt o‘tganda, kursda qoldirilgan yoki talabalar safidan chetlashtirilgan hollarda unga talabalar turar joyi uchun to‘lovni qoplab berish mablag‘larini to‘lash to‘xtatiladi.

Talabalar ushbu imtiyozdan foydalanish uchun oliy taʼlim muassasasi rektoriga (yoki filial direktoriga) har oyning 7-sanasiga qadar ariza bilan murojaat qilishi lozim.

Arizalar “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish axborot tizimi” (kontrakt.edu.uz) orqali yuboriladi. Ariza tegishli o‘quv yili uchun bir marotaba yuboriladi.

Shuningdek, ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlar va undagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.