Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

“El-yurt umidi” stipendiyasi kimlarga beriladi va tanlov tartibi qanday?

Bugun, 17:41
“El-yurt umidi” stipendiyasi kimlarga beriladi va tanlov tartibi qanday?

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2026-yil birinchi ochiq stipendiya tanlovi uchun hujjatlar qabuli ertaga 3-apreldan boshlanadi va jamgʻarmaning maxsus onlayn-platformasi orqali amalga oshiriladi. Bu haqda jamg‘arma axborot xizmati xabar bergan.

Mazkur stipendiya Prezidentning 2025-yil 5-maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-77-son farmoniga asosan joriy etilgan.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari yetakchi xorijiy taʼlim, ilmiy va boshqa muassasalarda quyidagi taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olish uchun ajratiladi:

— bakalavriatda — 3-4-yilga qadar;

— magistratura (ordinatura) — 1-2-yilga qadar;

— doktorantura (aspirantura) — 3-4-yilga qadar.

Boshqaruv kengashi qarori bilan:ayrim rivojlangan davlatlar taʼlim muassasalarida bir yilgacha bakalavriatga tayyorlov kurslari (Foundation year/course) xarajatlari tayyorlov kursi va bakalavriatda oʻqishning umumiy muddati 4-yildan oshmasligi sharti bilan Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirilishi mumkin.

Ochiq stipendiya tanlovida kimlar ishtirok eta olmaydi?

Ochiq stipendiya tanlovida quyidagi shaxslar ishtirok eta olmaydi:

Bakalavriat uchun

— 30 yoshdan katta bo‘lgan;

— avval o‘xshashmutaxassislik bo‘yicha xorijda bakalavriatda ta’lim olganlar;

Magistratura uchun

— 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lgan;

— avval ayni yoki turdosh mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistraturada ta’lim olganlar;

— 1 yildan kam mehnat stajiga ega;

Doktorantura uchun

— 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan;

— avval PhD, fan nomzodi yoki DSc ilmiy darajasini xorijda olganlar, O‘zbekistonda fan doktori (DSc) ilmiy darjasini olganlar;

— 2 yildan kam mehnat stajiga ega.

Bundan tashqari, oliy maʼlumotga ega boʻlmaganlar (bakalvriat nomzodlaridan tashqari), xorijiy mamlakatlarda ta’lim olishi bilan bog‘liq xarajatlar boshqa dasturlar asosida ajratiladigan grantlar yoki stipendiyalar orqali to‘liq moliyalashtiriladiganlar (shu jumladan, Chevening, Fullbright, Erasmus Mundus, DAAD, KOICA, JICE kabilar), xorijda sirtqi va onlayn dasturlar orqali taʼlim oladiganlar, jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar.

Tanlov bosqichlari

Ochiq stipendiya tanlovi bo‘ycha g‘oliblar 6 ta bosqichda saralanadi:

  1. nomzodlarning hujjatlarini o‘rganish;
  2. Top-100 talik universitetlarga to‘liq grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida g‘oliblarni aniqlash;
  3. Top-300 talik universitetlarga to‘liq grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida g‘oliblarni aniqlash ;
  4. Top-20 talik universitetlarga 50% va undan yuqori grant asosida qabul qilinganlar orasidan imtihonlarsiz kvotalar doirasida g‘oliblarni aniqlash;
  5. test sinovlari;
  6. suhbat.

Ochiq stipendiya tanlovi doirasida nomzodlarning chet tillarini bilish darajasiga qanday talablar qoʻyiladi?

Nomzodlardan quyidagi darajada xorijiy til sertifikatlari talab qilinadi:

— bakalavriat bosqichi uchun — IELTS (academic) kamida 6 ball;

— magistratura va doktorantura bosqichlari uchun — IELTS (academic) kamida 7 ball (yoki shunga teng darajada boshqa xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tillarni bilish darajasi sertifikati) boʻlishi talab etiladi.

Agar nomzod xorijiy oliygohdan shartsiz qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi taklifnoma-xatni taqdim etsa, til sertifikati talab qilinmaydi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ochiq stipendiya tanlovida kimlar test bosqichidan ozod etiladi?

Nomzodlar tomonidan quyidagi xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha amaldagi xalqaro sertifikat taqdim etilgan taqdirda, ular test sinovidan ozod etiladilar.

Bular:

— GMAT — 75% va undan yuqori (Verbal\Quantitative);

— GRE — 75% va undan yuqori (Verbal\Quantitative\Writing);

— SAT — 1300 ball va undan yuqori;

— A-Level — fanlar bo‘yicha ‘‘A’’ darajadan past bo‘lmagan.

Ochiq stipendiya tanlovining yakuniy bosqichi — suhbat qaysi tilda boʻladi?

— “El-yurt umidi” jamgʻarmasining ochiq stipendiya tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga koʻra, oltinchi bosqich — suhbat davlat tilida oʻtkaziladi.

Esse qaysi tilda yoziladi?

— Xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsad va taʼlim olish tugagach olingan bilimlarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqida motivatsion esse (yozma ish) davlat tilida yozilishi talab etiladi.

Ochiq stipendiya tanlovida ishtirok etish uchun nomzodlarda mehnat staji boʻlishi kerakmi?

“El-yurt umidi” jamgʻarmasining istiqbolli kadrlarni xorijda maqsadli tayyorlashga qaratilgan taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga koʻra:

— magistratura taʼlim dasturiga hujjat topshirishda — kamida 1 yil mehnat staji;

— doktorantura taʼlim dasturiga esa 2 yildan kam boʻlmagan mehnat staji talab etiladi.

Bakalavr taʼlim dasturiga hujjat topshirishda mehnat staji talab etilmaydi.