"Maktab – ota-ona – mahalla" zanjiri asosida elektron muloqot platformasi ishga tushiriladi
Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mutasaddilarga "maktab – ota-ona – mahalla" birlashuvi asosida elektron muloqot platformasini ishga tushirish topshirildi.
Yoshlar orasida tarqalayotgan ijtimoiy tarmoqlar tahlil qilinib, ularning yomon ta’siridan himoyalanish va ijobiy tomondan foydalanish bo‘yicha ota-onalar va o‘quvchilarga sodda tilda qo‘llanmalar yaratish kerakligi aytib o‘tildi.
Shuningdek, maktabga moslashish, kitobni sevish, yaxshi xulqli bo‘lish, atrofdagilar bilan muloqot va bilim olishga kuchli ishtiyoqni shakllantirish, kasb tanlash, jamiyat bilan aloqaga kirishish, katta hayotga qadam qo‘yishda farzandlarga qanday yo‘l ko‘rsatish zarur, degan savollar bo‘yicha ota-onalar uchun qulay materiallar tayyorlanishi belgilandi.
"Yuqorida aytilgan tashabbuslar amaliyotda yo‘lga qo‘yilsa, ota-onada mas’uliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, ta’lim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘ladi", – dedi davlatimiz rahbari.