Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Farzandingizni boshqa maktabga o‘tkazish kerakligini anglatuvchi holatlar

23-aprel 10:28
Farzandingizni boshqa maktabga o‘tkazish kerakligini anglatuvchi holatlar

Farzandimizni boshqa maktabga o‘tkazish, albatta, qiyin masala. Bolalar qisqa muddatda ma’lum sharoitga o‘rganib qoladi va bir muhitdan ikkinchisiga almashish ular uchun ruhan murakkab kechadi. Biroq ba’zan maktabda shunday muammoli holatlar yuz beradiki, ta’lim maskanini ko‘chirish yagona yechim bo‘lishi mumkin. Quyida ota-onalardan jiddiy choralar ko‘rishni talab etadigan vaziyatlarni ko‘rib chiqamiz.

Ta’lim dasturi to‘g‘ri kelmasligi

Ba’zi xususiy maktabda talablar juda yuqori bo‘ladi va o‘quvchi bunday vazifalarni bajarishga doim qiynalib keladi. Unutmaslik lozimki, har bir bola qobiliyat darajasi turlicha bo‘ladi va haddan ortiq talablar yosh bola bosh miyasi uchun ortiqcha yuk bo‘lishi mumkin. Qanchalik urinsa ham a’lo baho ololmagan bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi pasayadi.

Shuningdek, kun davomida faqat uy vazifalari va qo‘shimcha to‘garaklar bilan shug‘ullanish haqiqiy tuyg‘usini o‘quvchidan tortib oladi. Farzandingiz sevimli mashg‘ulotlaridan voz kechmasligi, tengdoshlari bilan muloqot qilishi va ular bilan shunchaki o‘ynashi uchun ham vaqt qolishi muhim.

Bulling (maktabda ta’qib va zo‘ravonlik)

Bulling deganda, odatda, tahqirlash, ustidan kulish, ataylab e’tibor bermaslik, kamsitish va kaltaklash tushuniladi. Bunga sabab — sinfdoshlar orasida hukmronlik qilishga intilish. Har qanday zo‘ravonlik va ta’qib qurbonning ruhiyatiga zarar yetkazadi. Tadqiqotga ko‘ra, ta’qibga uchragan bolalarning sog‘lig‘i, xususan, ruhiy sog‘lig‘i ham yomonlashadi. Yoshlar yolg‘izlanib, ularda tushkunlik va ojizlik, vahima hissi shakllanadi. Ba’zilari o‘z joniga qasd qiladi. Bu esa maktabni o‘zgartirish uchun jiddiy sababdir.

Ma’lumot uchun, BMT tadqiqotida aytilishicha, yoshlarning uchdan ikki qismi maktabda ta’qibga uchraydi. Ko‘p hollarda bolalar maktabdagi nizolarni ota-onasidan berkitadi.

Maktabdagi muhit

O‘qituvchilarning bolalarga bo‘lgan salbiy munosabati, maktab ichki qadriyatlari va oilangizdagi ustuvor qadriyatlarning bir-biriga zid bo‘lishi, o‘quv jarayonining yaxshi tashkil etilmasligi kabi sabablar farzandingiz kelajagi uchun yaxshi ta’sir etmasligi mumkin.

Maktabda oilangiz prinsip va qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan va sizni qoniqtirmaydigan turli sabablar bo‘lishi tabiiy, ammo qattiqqo‘l, talabchan ustoz va murabbiylar maktabni o‘zgartirish uchun sabab bo‘la olmaydi. Bolada ta’lim olishga bo‘lgan motivatsiyani shakllantirish faqatgina maktabga emas, balki oiladagi tarbiya va ota-onaning e’tiboriga ham bog‘liq.