Maktab rahbariyati o‘qituvchining darsini tahlil qilishga kirganda, o‘qituvchi ularni sinfdan chiqarib yuborishi mumkinmi?
Maktab rahbariyati o‘qituvchining darsini tahlil qilishga kirganda, o‘qituvchi ularni sinfdan chiqarib yuborishi mumkinmi?
Ta’lim to‘g‘risidagi qonunda maktab rahbariyatining darsni tahlil qilishiga cheklov o‘rnatilmagan.
Xalq ta’limi vazirligining 07.12.2019 yil 393-sonli buyrug‘i va 01.07.2021 yil 206-sonli buyrug‘iga asosan, direktorning o‘quvchilarning bilimlari sifatini davlat ta’lim standartlariga mos kelishini ta’minlash, tarbiyaviy ishlar samaradorligini nazorat qilish, o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishini yaxshilash va ularga sifatli ta’lim berish maqsadida maktabni uzluksiz rivojlantirish choralarini ko‘rish lavozim majburiyatlari belgilangan.
O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining majburiyatlari qatoriga maktabda ta’lim standartlari talablari bajarilishini nazorat qilish, o‘qituvchilarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishni tashkil etish kiradi.
Ma’naviy-ma’naviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining lavozim majburiyatlari orasida ta’lim muassasasida ma’naviy-axloqiy tarbiyaviy ishlarni tashkil qilish, pedagog xodimlarni tanlash va yuqori malakali o‘qituvchilarning ilg‘or pedagogik tajribasini o‘rganish hamda ommalashtirish mavjud.
Psixologning vazifalari esa o‘quvchilar rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va psixologik yordam berish, turli yo‘nalish va maqsadlarda tashxis o‘tkazish, testlar o‘tkazish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Shunday ekan, rahbariyat sinflarda tekshiruv o‘tkazishi mumkin. Biroq, bu jarayon o‘qituvchining kasbiy faoliyatiga, ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga aralashish yoki xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilish shaklida amalga oshirilsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasiga muvofiq, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinishi mumkin.
Bunday holat kuzatilganda, tuman IIBga murojaat qilish kerak.