Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Markaziy Osiyo davlatlari stipendiyalari miqdori taqqoslandi

05-dekabr 13:37
Markaziy Osiyo davlatlari stipendiyalari miqdori taqqoslandi

Eng yuqori stipendiya Qozog‘istonda, eng kami Qirg‘izistonda ekani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Asia-Plus nashri 2023-2024 o‘quv yilida Markaziy Osiyo davlatlari talabalarining stipendiyalarini taqqoslab ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha, eng ko‘p stipendiyani qozog‘istonlik talabalar oladi. Eng kamini qirg‘izistonliklar.

Qozog‘istonda maxsus stipendiyalar

Qozog‘istonda talabalar o‘z mutaxassisligidan kelib chiqib stipendiya olishadi.

Pedagogika va tibbiyot yo‘nalishi talabalariga 67 200 tenge (145 dollar yoki 1,8 mln so‘m) miqdoridagi stipendiyalar ajratiladi.

Texnik va kasbiy yo‘nalishdagi talabalarga 32 681 tenge (70 dollar yoki 856 ming so‘m) miqdorida stipendiya beriladi.

Qolgan talabalar 41 898 tenge (90 dollar yoki 1,1 mln so‘m) miqdorida stipendiya oladi.

O‘zbekistonda 3 turdagi stipendiya bor

O‘zbekistonda talabalar yangi o‘quv yilida uch turdagi: prezident, asosiy va shaxsiy stipendiyalarni olishi mumkin.

Prezident stipendiyasi miqdori qariyb 2,2 million so‘mni (180 dollar) tashkil etadi. U a’lo baholarga o‘qigan va faol talabalarga tanlov asosida beriladi.

Asosiy stipendiyani o‘qish semestrida 30 foizdan kam «yaxshi» va «qoniqarli» baholarga ega bo‘lgan talabalar oladi. Uning miqdori 621 ming so‘mni (51 dollar) tashkil etadi.

Shaxsiy stipendiyalar mashhur shaxslar – Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Ulug‘bek, Imom Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibrohim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomi bilan atalgan. Uning miqdori qariyb 1,5 million so‘mni tashkil etadi va tanlov asosida beriladi.

Tojikistonda to‘rt turdagi stipendiya bor

Tojikistonda stipendiya universitet va institutlarda budjet asosida va kunduzgi bo‘limda ta’lim olayotgan talabalarga beriladi. Tojikiston Ta’lim va fan vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, talabalar 4 turdagi: oliy, o‘rta va qoniqarli, shuningdek, prezident stipendiyasini oladi.

Prezident stipendiyasi Tojikistondagi eng oliy stipendiya bo‘lib, mablag‘ prezident jamg‘armasidan ajratiladi. U faqat a’lo baholarga o‘qigan talabalarga beriladi. Uning miqdori 1130 somoniyni (103 dollar yoki 1,3 mln so‘m) tashkil qiladi.

Oliy stipendiya semestrni «a’lo» baholar bilan tugatgan talabalarga beriladi va uning miqdori 448 somoniyni (41 dollar yoki 501 ming so‘m) tashkil qiladi.

O‘rtacha stipendiyani semestrni yaxshi va a’lo baholar bilan yakunlagan talabalar oladi. Uning miqdori 324 somoniyni (29 dollar yoki 355 ming so‘m) tashkil qiladi.

Bir semestrda 20 foizgacha qoniqarli baho olgan talabalarga qoniqarli stipendiya beriladi. Ikki semestr ketma-ket o‘qishni qoniqarli baholar bilan tugatgan taqdirda, bunday stipendiya berilmaydi. Uning miqdori 120 somoniyni (11 dollar yoki 135 ming so‘m) tashkil qiladi.

Universitet va institutlarda kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarga stipendiya berilmaydi.

Qirg‘izistonda stipendiyalar miqdori kam

Qirg‘izistonda stipendiya to‘lashning butunlay boshqacha tizimi mavjud. Ushbu mamlakat Ta’lim va fan vazirligi qaroriga ko‘ra, a’lochi talabalarga 1600 qirg‘iz so‘mi (18 dollar yoki 220 ming so‘m) miqdorida stipendiya ajratiladi.

Biroq abituriyentlarni pedagogik mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishga rag‘batlantirish maqsadida yuqori miqdorda stipendiya ajratiladi. Xususan, bu yo‘nalishda 1-kurs talabalariga 1000 qirg‘iz so‘mi (11 dollar yoki 134 ming so‘m), 2-kurs talabalariga 2000 qirg‘iz so‘mi (22 dollar yoki 268 ming so‘m), 3-kurs talabalariga 3000 so‘m (33 dollar yoki 404 ming so‘m) va 4-kurs talabalariga 4000 qirg‘iz so‘mi (44 dollar yoki 538 ming so‘m) miqdorida stipendiya beriladi.

Qirg‘izistonda prezidentlik stipendiyasi ham bor. U faol talabalarga, ammo yiliga bir marta, 50 ming qirg‘iz so‘mi (566 dollar yoki qariyb 7 mln so‘m) miqdorida beriladi.