Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

May oyiga qadar maktabga birinchi marta ishga kirgan stajyor-o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi

28-aprel 19:56
May oyiga qadar maktabga birinchi marta ishga kirgan stajyor-o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb etiladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil 22-fevraldagi 51-son buyrug‘iga ko‘ra ta’lim tashkilotlarida pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar kasbiy sertifikatlash sinovlariga jalb qilinadi.

Talabgor nazorat sinovida qatnashish uchun so‘rovnomani davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borib yoki YAIDXP (my.gov.uz)da to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tadi. Ta’lim muassasalari rahbarlari davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilingan oliy ma’lumotli pedagog kadrlarni o‘z vaqtida kasbiy sertifikatlash va nazorat sinovlariga jalb etish choralarini ko‘radi.

Nazorat sinovlari matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari fanlari va pedagogik mahorat uchun 120 daqiqa hamda gumanitar fanlari va pedagogik mahorat uchun 90 daqiqa vaqt beriladi.

Hukumatning “Davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ga ko‘ra, pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajyor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab 1 yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi.

Kasbiy sertifikatlash jarayoniga talabgor o‘z muddatida jalb etilishi uchun u faoliyat ko‘rsatayotgan davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining rahbari mas’ul hisoblanadi. Birinchi marta kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgordan to‘lov undirilmaydi.

Nazorat sinovi natijasi bo‘yicha 56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor nazorat sinovidan o‘tgan hisoblanadi va elektron shakldagi sertifikat uning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etib, yetarli ball to‘play olmagan talabgor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.