Oʻqituvchilar haqida haqiqatlar va ularga nasihatlar
-Dunyoda bitta kasb bor: oʻqituvchilik. Qolgan kasblar uning hosilasidir.
-Millatning ertasi maktablardan boshlanadi.
-Oʻqituvchi bir umr bola boʻlib qoladi.
-Oʻqituvchi bir vaqtning oʻzida ona, ota, bobo, buvi, aka, opa, doʻst boʻla oladi.
-Oʻqituvchida otaning qattiqqoʻlligi, onaning mehri boʻlishi kerak.
-Hech kimning 30 nafar farzandi yoʻq. Oʻqituvchida esa bor.
-Hamma oʻz bolasini sevadi. Oʻzganing bolasini sevish, unga taʼlim-tarbiya berish esa har kimning ham qoʻlidan kelmaydi.Buning uchun insonda katta yurak kerak boʻlishi kerak.
-Bolalarni seva olmagan kishidan oʻqituvchi chiqmaydi.
-Oʻqituvchilik-bu hali ustozlik degani emas.
-Oʻqituvchilik-bu kasb.Ustozlik esa baxtdir.
-Hayotingiz davomida hech boʻlmasa bitta shogirdingiz sizni ustoz sifatida tan olmasa, umringiz shamollarga sovrilibdi.
-Oʻquvchilarim meni ustoz sifatida emas, avvalo, inson sifatida yaxshi koʻrishlarini istayman.
-«Darsimda pashsha uchsa bilinadi»-deydigan oʻqituvchilar rost gapiradi. Ularni faqat pashsha qiziqtiradi.
-Amir Temur dunyoni tigʻ bilan, Navoiy qalam bilan olgan boʻlsa, ustozlar dunyoni boʻr bilan oladi.
-Bu hayotda oddiy sinf rahbar boʻlmaydi. Sinf rahbar boʻldingmi, chida. Mushtni mushtga tugib chida, tishni tishga qoʻyib chida. Sinf rahbarlikni chidaganga chiqargan.
-Bugun sinf rahbarlik olib, uning masʼuliyatiga chidolmay, ertaga tashlab yuboradigan oʻqituvchining oʻzini «tashlab» yuborish kerak.
-Ustoz yaqinmi, ota?-Ota. Agar u ustoz boʻlsa.
-Haqiqiy oʻqituvchining qahrida ham bolaga nisbatan mehr ufurib turishi kerak.
-Eng yomon oʻquvchimni boshqa sinfdagi 10 nafar eng yaxshi oʻquvchiga alishmayman.
-Oʻquvchingiz hayotiy masalada sizdan maslahat, yordam soʻrayapdimi, demak, ustoz darajasiga yetibsiz, muborak boʻlsin.
-Hech qachon oʻquvchilaringizga odam boʻlmaysan, demang. Uningku tanlash imkoniyati bor. Sizda esa hatto shu ham yoʻq.
-Bugungi jinoyat kechagi tarbiyaning mahsulidir.
-Biz ustozlar oʻquvchilarimizga maktabda emas, hayotda aʼlochi boʻlishlari uchun koʻmak berishimiz kerak.
-Ustozning hattoki qadam tashlashi ham tarbiya boʻlishi kerak.
-Shogirdlariga faqat taʼlim bergan oʻqituvchi mutaxassis tayyorlaydi. Shogirdlariga taʼlim-tarbiya bergan oʻqituvchi insonni yetishtiradi.
-Oʻquvchingiz sizni ota-onasining nooʻrin aybidan himoya qilayapdimi, demak siz uning qalbidan joy olibsiz.
-Ustozlar farzandlarining yutuqlaridan koʻra, shogirdlarining yutuqlariga koʻproq quvonadi.
-Yuksaklarga chiqmoqchi boʻlsangiz, pastga tushib oʻquvchilar bilan birga boʻling. Kun kelib ularning oʻzi sizni yuksaklarga olib chiqadi.