Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Oʻquvchi maktabdan chiqib ketdimi qolganiga ota-ona javobgar!

Kecha, 23:05
Oʻquvchi maktabdan chiqib ketdimi qolganiga ota-ona javobgar!

O‘quvchi maktabdan tashqarida kim javobgar?

Barchamizga ma’lumki, ilgari o‘quvchilarning har qanday xatti-harakatlari uchun, xoh u ta’til paytida bo‘lsin, xoh darsdan tashqarida bo‘lsin, asosan maktab rahbariyati javobgar bo‘lar edi. O‘quvchilar ishtirokida yuzaga kelgan nizolar, hatto shaxsiy kelishmovchiliklar ham sinf rahbari yoki direktor o‘rinbosarlarining javobgarligiga taalluqli deb hisoblangan.

Lekin hozirgi kunda ushbu holatga oydinlik kiritildi va mas’uliyat aniq belgilandi.

O‘quvchining maktabdan tashqaridagi xatti-harakatlari uchun kim javobgar?

Xalq ta’limi vazirligining 2021-yil 22-fevraldagi 41-sonli buyrug‘i asosida tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ta’lim muassasasidan tashqarida darsdan keyingi va ta’til paytidagi o‘quvchilarning xatti-harakatlari uchun ota-onalar javobgar hisoblanadi (manba).

Bu degani, agar o‘quvchi ta’til vaqtida yoki darsdan tashqarida biror tartibbuzarlik sodir etsa, buning uchun sinf rahbari yoki maktab rahbariyati javob bermaydi. Shu sababli, ichki ishlar organlari yoki boshqa nazorat organlari endi faqat ota-onani ogohlantiradi yoki qonunchilik asosida tegishli choralar ko‘radi.

Ota-onalar qanday javobgar?

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 73-moddasiga binoan, ota-onalar farzandlarini tarbiyalashga mas’ul hisoblanadi (manba). Ularning asosiy vazifalari:

  • Farzandining salomatligini saqlash va unga g‘amxo‘rlik qilish;
  • Bolaning aqliy, jismoniy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga sharoit yaratish;
  • Uni jamiyatda o‘zini tutish qoidalariga o‘rgatish va nazorat qilish.

Demak, bugungi kunda ota-onalar o‘z farzandlari uchun to‘liq javobgardirlar. Bu esa, o‘z navbatida, bolalarning nazoratsiz qolmasligi va ularning to‘g‘ri tarbiya olishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Xulosa

Endilikda sinf rahbarlari yoki maktab rahbariyati o‘quvchining darsdan tashqaridagi xatti-harakatlari uchun javobgar emas. Ota-onalar esa farzandining har qanday nojo‘ya harakati uchun amaldagi qonunchilik doirasida javob beradi.

Shu boisdan ota-onalar farzandlari bilan ko‘proq muloqot qilishlari va ularning vaqtini to‘g‘ri taqsimlashlariga e’tibor qaratishlari lozim!