Bolasini maktabga jo‘natmaydigan ota-onalarga qanday javobgarlik mavjud?
Ta’lim to‘g‘risidagi qonunning 9-moddasiga binoan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida uzlyuksiz tarzda, majburiy bo‘lgan o‘n bir yil davomida amalga oshiriladi. Ushbu qonunning 51-moddasiga ko‘ra voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari bolaning o‘qishi, tarbiyalanishi, jismoniy, ma’naviy va intellektual rivojlanishi uchun mas’uldir.
Ota-onalar farzandlarining ta’lim olish jarayonini qat’iy nazorat qilishlari, jumladan:
— bolalarining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki boshlang‘ich professional ta’lim olishini ta’minlashi;
— bolalarining o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashishini ta’minlash va o‘zlashtirishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
— o‘z bolalarining intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi;
— ta’lim tashkilotining ta’lim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi ichki tartib-qoidalariga rioya etishi;
— ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.
Agar ota-ona bu majburiyatlarni bajarmasa, unda ota-onaning harakatlariga nisbatan ma’muriy javobgarlik ko‘rilishi belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga muvofiq ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.