Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Mudir Olimpiadasi Nizomi

13-mart 16:53
Mudir Olimpiadasi Nizomi

Registon Mudir Olimpiadasi o‘tkazilish muddatlari.

Registon Mudir Olimpiadasi (keyingi o‘rinlarda Olimpiada deb yuritiladi) har yili kuzgi va bahorgi mavsumlarda o‘tkaziladi. 2024-yilda Olimpiada mart oyida va oktabr oyida o‘tkazilishi belgilab olingan. Jumladan, 2024-yil 7- va 14-aprel kunlarida ikki bosqichda bahorgi olimpiada o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Olimpiadaga ro‘yxatga olish 7-martda boshlanib, 6-aprelgacha davom etadi. Olimpiadaning birinchi bosqichi onlayn tarzda 7-aprel kuni, ikkinchi bosqichi esa offlayn tarzda 14-aprel kuni smenalarga bo‘lingan holda o‘tkaziladi.

Olimpiada fanlari va sinflar chegarasi.

Olimpiada matematika va ingliz tili fanlaridan o‘tkaziladi. Savollar o‘zbek va rus tillarida tuziladi. Olimpiadada maktablarning 3-sinfidan 10-sinfigacha bo‘lgan o‘quvchilar qatnashadi. Olimpiadada Toshkent shahrining Chilonzor, Uchtepa, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi, shuningdek Toshkent shahrining va Toshkent viloyatining qolgan tumanlaridan yuqoridagi fanlarga qiziquvchi o‘quvchilar qatnahsishi mumkin. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida olimpiada kuni o‘quvchilardan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bilan kelish so‘raladi.

Olimpiadaga ro‘yxatdan o‘tish tartibi.

Olimpiadaga fleyerdagi va telegram postlaridagi maxsus linklar orqali yoki markaz filiallarining telefon raqamlari orqali, shuningdek markaz filiallariga kelib ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish paytida o‘quvchilardan ism-familiyalari, o‘qiyotgan sinflari va tahsil oladigan tillarini aniq qilib yozishlari so‘raladi. Savollar kitoblari aynan shu ro‘yxatdan kelib chiqib tuziladi. Ro‘yxatdan o‘tgan hamma o‘quvchilar maxsus telegram guruhiga a’zo bo‘ladilar. Telegram guruhida olimpiada bo‘yicha yuzaga keladigan savollar va olimpiada bo‘lib o‘tadigan manzillar bo‘yicha ma’lumot berib boriladi.

Olimpiada savollari va baholash mezonlari.

Olimpiada yuqorida yozilganidek, matematika va ingliz tili fanlaridan tuziladi. Savollar umumta’lim maktablarida foydalaniladigan darsliklar asosida, tuziladi. Har bir bosqichda savollar miqdori matematikadan 25 ta, ingliz tilidan 25 ta bo‘lib, jami 50 tani tashkil qiladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 2 balldan beriladi. Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball 100 ball hisoblanadi. Savollarning hammasi ochiq test, ya’ni har bir savolga 4 tadan javob variant sifatida tuziladi. Birinchi bosqich, ya’ni onlayn bosqichda savollar maxsus platforma orqali beriladi va belgilangan vaqtda qatnashchi uni yechib berishi kerak bo‘ladi. Ikkinchi bosqich, ya’ni offlayn bosqichda esa javoblar savollar kitobining o‘ziga va maxsus titullarga belgilanadi.

Olimpiadani tashkil qilish va nazorat.

Olimpiada Registon o‘quv markazining Chilonzor, Uchtepa, Olmazor va Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi filiallarida onlayn va offlayndan iborat ikki bosqichli tizim asosida o‘tkaziladi. Birinchi bosqichdan 40 ball olgan o‘quvchilar ikkinchi bosqichga o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda o‘quvchilar soniga qarab qatnashchilar turli smenalarga bo‘linadilar. Smenalar 2 tadan 5 tagacha bo‘lishi mumkin. O‘quvchilar smenasi boshlanishida 10 minut avval markazga kelishlari kerak. Xonalarda 10 tadan 20 tagacha o‘quvchilar joylashtiriladi. O‘quv markazining ustozlari auditoriya nazoratchilari sifatida tayinlanadilar. O‘quvchilar bir-biridan ko‘chirishlari, savollarni muhokama qilishlari mumkin emas. Nazoratchi ularni ikki marta ogohlantiradi, uchinchi marta takrorlanganda esa qoida buzgan qatnashchi testdan chetlashtiriladi. O‘quvchi savollarda xatolik topsa, savollar sonida yetishmovchilik kuzatilsa yoki savollar kitobining sifati qoniqarli bo‘lmasa, nazoratchiga murojaat qiladi va savollar kitobi almashtirib beriladi. Agarda savollarda xatolik bor deb hisoblansa, maxsus titul varag‘ining orqa tarafiga shikoyatini yozib qo‘yishi lozim. Test yakunlangandan keyin qatnashchi savollar kitobini va titul varag‘ini auditoriya kuzatuvchisiga topshiradi. Keyingi smenalarga halaqit bermaslik maqsadida, test varaqlarini rasmga olish ta’qiqlanadi. Qatnashchilar olimpiada natijalaridan norozi bo‘lgan holatda natija chiqqandan keyin 3 kun ichida appelyatsiya uchun ariza topshirishlari mumkin.

Olimpiada g‘oliblarini rag‘batlantirish.

O‘quvchilar olimpiadada jami 100 ball to‘plashlari mumkin. G‘oliblar sinflar kesimida taqdirlanadilar. Shuningdek, g‘oliblar maxsus grantni qo‘lga kiritishlari uchun ikkinchi bosqichda kamida 100 balldan 50 ball to‘plashlari kerak bo‘ladi. Olimpiadaning jami sovrin jang‘armasi, ya’ni voucherlar miqdori 320 000 000 (uch yuz yigirma million) so‘mni tashkil qiladi. Olimpiada natijalari ikkinchi bosqich tugallangandan bir hafta keyin, ya’ni 21-aprel kuni e’lon qilinadi. Olimpiada g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadilar:

O‘rinlar:

Grant miqdori:

1-o‘rin:

3 000 000 (uch million) so‘mlik voucher

2-o‘rin:

2 000 000 (ikki million) so‘mlik voucher

3-o‘rin:

1 000 000 (bir million) so‘mlik voucher

4-10-o‘rin:

500 000 (besh yuz ming) so‘mlik voucher

Har bir sinf g‘oliblari yuqoridagi tartibda taqdirlanadilar. Agar ikkinchi bosqichda yuqori o‘rinni olgan o‘quvchilar 50 balldan kam miqdorda ball to‘plasalar, u holda maxsus grantni emas, 500 000 (besh yuz ming) so‘mlik maxsus voucherni qo‘lga kiritadilar. Maxsus grant va vaucherlar olti oy muddat ichida ishlatilishi kerak. Ya’ni o‘quvchilar 21-apreldan boshlab 21-oktabrgacha bo‘lgan muddatda o‘quv markazga kelib, voucherlarini hisoblariga tashlatib tahsil olishlari mumkin bo‘ladi. Agarda yuqoridagi muddatdan o‘tgan paytda voucherlar markazga taqdim qilinsa, voucherning amal qilish muddati tugagan hisoblanadi. Shuningcek, voucherlarni faqatgina ularni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar yoki ularning aka-ukasi, opa-singlisi ishlatishi mumkin bo‘ladi. Voucherlarni do‘stlariga, sinfdoshlariga yoki boshqa qarindoshlariga taqdim qilish mumkin emas.