Samarqandda talabani yakuniy test imtihonlaridan o‘tkazishni va’da qilib 2 ming dollar olgan yigit ushlandi
Surishtiruv jarayonlarida U.T. fuqarodan olgan 2 000 dollarning 700 dollarini o‘zida olib qolib, qolgan 1 300 dollarini jinoiy sherigi Bobur ismli shaxsga berishni rejalashtirgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1-son “Davolash” fakulteti 5-bosqich talabasi, 1999 yilda tug‘ilgan U.T. talabalarning ishonchiga kirib, ularni universitetdagi tanishlari orqali yakuniy test imtihonlaridan o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida U.T. ushbu oliygohda tahsil oluvchi mahalliy fuqarodan 4 ta fanning yakuniy test imtihonlaridan o‘tkazib berish uchun 2 000 dollar talab qilib, shundan 1 500 dollarni olayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor surishtiruv jarayonlarida, U.T. fuqarodan olgan 2 000 dollarning 700 dollarini o‘zida olib qolib, qolgan 1 300 dollarini jinoiy sherigi Bobur ismli shaxsga berishni rejalashtirgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.