Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Termiz davlat pedagogika instituti talabasi chayon zaharini uni nobud qilmasdan oluvchi qurilma yaratdi

Bugun, 10:50
Termiz davlat pedagogika instituti talabasi chayon zaharini uni nobud qilmasdan oluvchi qurilma yaratdi

Termiz davlat pedagogika instituti Biologiya fakulteti 1-bosqich talabasi Feruza To‘xtamurodova chayon zaharini jonivorni nobud qilmagan holda olish imkonini beruvchi innovatsion qurilma ishlab chiqdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qurilma elektrostimulyatsiya usuliga asoslangan bo‘lib, bir dona chayondan bir necha marotaba zahar olish imkonini beradi.

Avvalgi usullarda zahar olingach, chayonlar nobud bo‘lar edi. Yangi qurilma esa ularning hayotini saqlab qolgan holda biomodda olish imkonini beradi.

Chayon zahri tarkibidagi xlorotoksin moddasi saraton hujayralari o‘sishini sekinlashtirishda, neyrotoksinlar esa ayrim asab kasalliklarini davolashda qo‘llanishi mumkin. Shu bois mazkur biomoddaga talab yuqori hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, chayon zahrining narxi xorijda 12 ming dollargacha, O‘zbekistonda esa o‘rtacha 5 ming dollar atrofida baholanadi.