Ta’lim krediti olish uchun bankka qanday hujjatlar taqdim etiladi?
Ta’lim kreditini olish uchun qarz oluvchi tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) ta’lim krediti berish to‘g‘risidagi ariza;
b) talaba va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt). Kontraktda o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. O‘qish uchun to‘lov miqdori keyingi yillarda o‘zgargan hollarda kontraktlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi, bu haqda oliy ta’lim muassasasi o‘n kun muddatda bankka yozma ravishda ma’lum qiladi, so‘ngra qarz oluvchi, bank va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi kredit shartnomasiga zarur o‘zgartirishlar kiritiladi;
v) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qarz oluvchining yashash joyi to‘g‘risida berilgan ma’lumotnoma;
g) kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat;
d) imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.
Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan ko‘rsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur ko‘chirmalar va nusxalar olishga haqlidir.
Agar taqdim etilgan hujjatlar bank talablariga javob bersa, bank, qarz oluvchi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida kredit shartnomasi tuziladi.