Taʼtil vaqtida o‘qituvchi ishga kelmasa bo‘laveradimi?
#Savol
Assalomu alaykum. Taʼtil vaqtida maktabda darslar bo‘lmaydi. Maktabda ish ham yo‘q. Shu sababli ishga bormasam bo‘laveradimi?
#Javob
Yo‘q. Siz bunga haqli emassiz. Amaldagi Mehnat kodeksining 114-moddasiga ko‘ra, xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.MKning 125-moddasiga ko‘ra ish beruvchi har bir xodimning haqiqatda ishlagan ish vaqtini o‘z vaqtida aniq hisobga olib borishi shart. Pedagog xodimlarning ish vaqti ular tomonidan bajarilgan pedagogik yuklamaga muvofiq hisoblab chiqariladi.
O‘qituvchining pedagogik yuklamasining bajarilishini hisobga olish har kuni ishga kelish va ketish jurnali orqali yuritiladi hamda har oylik ish vaqtini hisobga olish tabelida aks ettirilib, unda amalda bajarilgan o‘quv soatlari (dars soati soni), pedagogik ish soatlari, barcha bajarilgan soatlar, yaʼni jami o‘quv va pedagogik soatlar yig‘indisi ko‘rsatiladi.Maktabda darslar bo‘lmagan vaqtlarda xodimlar pedagogik yuklamasida belgilab berilgan ishlarni amalga oshiradi yoki maktab maʼmuriyati tomonidan berilgan topshiriqlarni bajaradi. Amaldagi Mehnat kodeksining 154-moddasiga muvofiq ish beruvchi xodimga haqiqatda bajargan ishi uchun maosh to‘laydi. Bajarilmagan ish uchun esa ish haqi to‘lanmaydi.
Bunday holatlar amaldagi qonunchilik doirasida taʼlim muassasasi kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda rasmiylashtiriladi. Xodim ish joyiga kelmagan taqdirda tabelga kiritilmaydi va haq to‘lanmaydi.Agar maktabning ichki mehnat tartib qoidalarida xodimning ish joyiga kechikib kelishi yoki ish joyiga sababsiz ravishda kelmasligi xodimning o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzishlar ro‘yhatiga kiritilgan bo‘lsa, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi ham mumkin.Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, maktablarda dars bo‘lmagan payt yaʼni taʼtil vaqti o‘qituvchilar ish joyiga kelmaslikka haqli emas.