Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

‘‘TIQXMMI’’ Milliy tadqiqot universitetida yangi fakultet va maxsus tayyorlov kurslari tashkil etiladi

Bugun, 17:56
‘‘TIQXMMI’’ Milliy tadqiqot universitetida yangi fakultet va maxsus tayyorlov kurslari tashkil etiladi

“Qishloq va suv xoʻjaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–122-son, 02.04.2026-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2026-yil 1-maydan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida (Universitet) oʻqish quyidagi shakllarda tashkil etiladi:

dual taʼlim asosida 6 oy muddatga nazariy taʼlimdan ajralgan va joyiga chiqqan holda tashkil etiladigan malakaviy amaliyot;

— qolgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida yil davomida nazariy taʼlim bilan birga toʻliq uygʻunlashtirgan “4+2” shakldagi amaliyot.

2026-yil 1-maydan boshlab esa universitetning yetakchi professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Bunda yetakchi professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha ilmiy maslahatchisi hisoblanadi.

Shuningdek, talabalarning sayyor darslari qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi tashkilotlar va hududlardagi “Suvchilar maktabi” bazasida tashkil etiladi.

Bundan tashqari, universitet huzurida 2026/2027-oʻquv yilidan mahalliy va xorijiy talabalar uchun akademik fanlar boʻyicha (STEAM, til bilimlari, akademik yozish va milliy strategik mezonlar) maxsus tayyorlov kursi tashkil etiladi.

Bunda maxsus tayyorlov kursida oʻqish bir yil muddatga xalqaro standartlarga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

2027/2028-oʻquv yilidan boshlab maxsus tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar (tayyorlov kursidagi oʻqish davri yakuniga koʻra oʻzlashtirish baholari “5 (aʼlo)” va “4 (yaxshi)” boʻlgan bitiruvchilar) Universitetga imtihon asosida toʻlov-kontrakt bilan oʻqishga qabul qilinadi.

Universitetga “texnikum–oliygoh” tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi (Texnikum) biriktiriladi. Texnikum binosida Universitet tarkibiga kiruvchi Umummuhandislik fakulteti tashkil etiladi.

Universitetdagi “Suv diplomatiyasi” magistratura mutaxassisligi “Xalqaro suv diplomatiyasi” mutaxassisligiga oʻzgartiriladi. “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura mutaxassisligi bitiruvchilariga “Xalqaro suv munosabatlari sohasida mutaxassis” kvalifikatsiyasi beriladi.