Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Toshkentda talaba Jizzaxda og‘ir jinoyat sodir etib qochib ketgan shaxsni ushlashda yordam berdi

28-aprel 19:49
Toshkentda talaba Jizzaxda og‘ir jinoyat sodir etib qochib ketgan shaxsni ushlashda yordam berdi

Jizzaxdan Toshkentga qochib borgan gumonlanuvchi talabaning telefonidan foydalangan. Shundan so‘ng talaba IIB xodimlarining ko‘rsatmasi bilan uning ortidan kuzatib borgan va gumonlanuvchini qo‘lga olishda yordamlashgan.

Jizzaxda og‘ir jinoyat sodir etgan shaxs Toshkent shahrida qo‘lga olingan. Uni qo‘lga olishda IIB xodimlariga O‘zbekiston jahon tillari universiteti 2-bosqich talabasi Mirzabek Elmurodov yordam bergan. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 19 aprel kuni Jizzax viloyati Zomin tumani Nebo‘sa mahallasida yashovchi shaxs o‘zaro kelishmovchilik tufayli Zarbdor tumani Oqbuloq mahallasida yashovchi erkakni pichoqlab, voqea joyidan yashiringan. Oqibatda jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgan.

Shundan so‘ng IIB xodimlari gumonlanuvchini topishga qaratilgan tezkor qidiruv harakatlarini boshlab yuborishgan. Kuzatuv kameralari xotirasidagi kadrlar o‘rganilgan. Shuningdek, u yashirinishi mumkin bo‘lgan joylar ko‘zdan kechirilgan.

Mazkur jarayonlarda qotillikda gumon qilinayotgan erkak turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilgani aniqlangan. IIB xodimlari erkak foydalangan raqam bilan bog‘lanishganda gumonlanuvchi emas, boshqa bir yigit javob qaytargan.

Yigit IIB xodimlariga ko‘chada ketayotganida bir fuqaro telefonidan foydalanishni so‘raganida rozi bo‘lganini aytgan. IIB xodimlari yigitga uni kuzatib borishni aytgan.

“Fuqaro xotini bilan gaplashayotib, jinoyat sodir etganini aytdi va jabrlanuvchining ahvolini so‘radi. 10 daqiqa o‘tgach, Jizzax viloyati IIB xodimlari menga qo‘ng‘iroq qilishdi va telefonimdan foydalangan shaxs qotilligini aytib, uni kuzatishimni so‘rashdi. Men uning ortidan kuzatib bordim. Toshkent shahar IIBB xodimlari yordamida jinoyatchini ushladik”, deydi Mirzabek.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston jahon tillari universitetida Mirzabek Elmurodovni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan. Unda Jizzax viloyati IIB boshlig‘i G‘ayrat Qodirov, universitet rahbariyati, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etgan.

Talabaga 5 mln so‘m pul mukofoti, esdalik sovg‘alar va uning ota-onasiga tashakkurnoma topshirilgan.