Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

120 talabaga diplom yo‘q – milliy tadqiqot universiteti litsenziya olmasdan faoliyat yuritgan

05-dekabr 13:06
120 talabaga diplom yo‘q – milliy tadqiqot universiteti litsenziya olmasdan faoliyat yuritgan

120 talabaga diplom yo‘q – Milliy tadqiqot universiteti litsenziya olmasdan faoliyat yuritgan

Rossiyaning “MEI” milliy tadqiqot universiteti” federal davlat budjeti oliygohi Toshkentdagi filiali 4 yil oldin talabalarni qabul qilishni boshlagan. Lekin filial haligacha litsenziya olmagan. Bunga sabab qilib rossiyalik vakillar filialda laboratoriya jihozlari yetarli emasligini aytsa, filial rahbariyati Energetika vazirligi kerakli pulni o‘tkazib bermagan deyapti. O‘rtada to‘rt yil o‘qigan 120 talaba kimdan diplom olishini bilmay sarson.

Fotokollaj: Kun.uz

Rossiyaning “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” federal davlat budjeti oliygohi Toshkent filialining bitiruvchi talabalari boshqa joyga o‘qishni ko‘chirishga majburlanayotgani aytilyapti. Filial rahbariyati Rossiyadan litsenziya ololmagani uchun bitiruvchilarni tarqatib yubormoqchi.

Bino bor, litsenziya yo‘q

2019 yilda Toshkentda “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” federal davlat budjeti oliygohi filialini ochish haqida qaror chiqadi. Unda filial 2019/2020 yildan talabalarni qabul qilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Qarorda talabalar yangi bino bitgunicha Toshkent davlat texnika universiteti binosida o‘qib turishi, yangi bino esa 2022 yil 1 yanvarigacha foydalanishga topshirilishi ko‘rsatilgan. Bino manzili Olmazor tumani Moyqo‘rg‘on massivi, Yog‘du kuchasi 1 uy.

Kun.uzʼga murojaat qilgan talabalarning aytishicha, ular birinchi bosqichdan, ya’ni 2020/2021 o‘quv yilidan beri TDTU binosida o‘qib kelishadi. Yangi bino tayyor bo‘lganiga qaramay, u yerga filial ko‘chib bormagan.

Diplomsiz qolayotgan talabalar

Filialning ilk bitiruvchilari 2022/2023 o‘quv yiliga to‘g‘ri keladi. Lekin ularni filial bitiruvchisi deb bo‘lmaydi, chunki bu talabalar 4-bosqichdan boshlab boshqa oliygohlarga “perevod” qilinib, tarqatib yuborilgan. Shunday bitiruvchilardan biri Kun.uz bilan suhbatda o‘tgan yili qayerda o‘qishni bilmay sarson bo‘lishgani, 4-kursda 100dan oshiq talaba boshqa oliygohlarda “perevod”ga majburlanganini aytdi. O‘shanda talabalar filial uchun ajratilgan yangi bino oldiga borib, mas’ullar bilan uchrashishni so‘rab videomurojaat ham yo‘llashgan.

Video Player

2023/2024 yilgi bitiruvchilar bilan ham xuddi shu vaziyat takrorlanyapti. Bir guruh talabalar filial rahbariyatidan TDTUga yoki filialning Rossiyadagi bosh binosiga “perevod” qilishga ixtiyoriy-majburiy taklif olishgan.

“Biz Rossiyada o‘qishni xohlasak, Rossiyaning o‘zidagi universitetga o‘qishga topshirgan bo‘lar edik. Lekin unda xarajatlari katta bo‘lib ketishini hisobga olib filialiga topshirdik. Endi esa bizga diplom berisholmasligini aytishyapti”, – deydi talabalardan biri.

Ma’lumot uchun, Toshkentdagi filialning 1 yillik kontrakti 18 million so‘m, universitetning o‘zi (Rossiya)da esa bu taxminan 3 ming dollar atrofida.

Tarqatib yuborilayotgan bitiruvchilar

Bitiruvchi talabalar “perevod”ga norozilik bildirganidan keyin, 13 noyabr kuni filial prorektorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan (uchrashuv videosi tahririyatda bor). Muammo hal bo‘lmagach, 15 noyabrda OTFIV, filial rektori Hojiyev va Rossiyaning “MEI” Milliy tadqiqot universiteti federal davlat budjeti oliygohi vakillari ham chaqirilib, yana uchrashuv o‘tkazilgan. Talabaning aytishicha, majlisda ularga Rossiyaga borib o‘qish yoki O‘zbekistondagi oliygohlarga “perevod” qilish taklifi berilgan. Videodan ko‘rinadiki, talabalar ham, ularning ota-onalari ham bunga rozi bo‘lmagan.

Mas’ullarning gapi bir-biriga mos emas

Kun.uz’ga Rossiyaning “MEI” milliy tadqiqot universiteti” federal davlat budjeti oliygohi, filial vakillari va talabalar bilan bo‘lgan Zoomʼda yozib olingan suhbat taqdim qilingan. Unda rossiyalik vakillar filialga litsenziya berilmagan va bunga sabab laboratoriya jihozlari yetarli emasligi, binoni qabul qilib olish haqidagi hujjat ularga yetib bormaganini aytishgan.

Lekin filial rektori Hojiakbar Daliyev talabalar Telegram-guruhida boshqacha gap yozgan. 2023 yilning 5 oktyabrida yozilgan xabarda Daliyev litsenziya olinmagani sabab Energetika vazirligi 10 milliard so‘m pulni o‘tkazib bermaganini aytgan. Bu bo‘yicha tahririyat Energetika vazirligiga so‘rov yuborgan.

Bino vaqtida topshirilmagan

Tegishli hujjatga qaralsa, 2019 yil iyun oyidan keyingi bir oy muddatda filial ta’sis hujjatlari ishlab chiqilishi va kelishilishi, belgilangan tartibda filial davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerakligi ko‘rsatilgan. 2 oyda esa filial tuzilmasi tasdiqlanishi kerak bo‘lgan. Bu uchun esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ul.

Filial uchun ajratilgan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari kabilarni esa “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ moliyalashtirishi kerak edi.

Bino 2022 yil 1 yanvargacha topshirilishi kerak edi. Bosh pudratchi Enter Engineyering Pte. Ltd. (Singapur) kompaniyasi bo‘lgan. Biroq Enter Engineyering Pte. Ltd saytiga qaralsa, bosh pudratchi loyihani 2023 yilda, ya’ni belgilangan muddatdan kamida 1 yil kechiktirib bajargan. Buning ustiga, Rossiya tomoni binoda laboratoriya jihozlari yetarli emasligidan norozi.

Ochiq qolayotgan savollar

Eng asosiy savol – nega talabalar litsenziyasi yo‘q joyga o‘qishga qabul qilingan?

4 yildan beri bu voqeadan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabari bo‘lmaganmi?

Pudratchi tashkilotdan bino qabul qilib olinayotganda Rossiyadan vakillar chaqirilmagan yoki kelmagan (Kun.uzʼga ma’lum emas)mi?

Bitiruvchilarga o‘qish boshlanganidan beri dars o‘tilmayotgani sababi nimada, ularning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

Oliygohning o‘tgan yilgi bitiruvchilari qayerning diplomini olishgan?

Filial qachon litsenziya oladi va bu bo‘yicha OTFIV o‘rganish ishlarini boshlaganmi?

Kun.uz muxbiri yuqoridagi savollarga javob olish uchun filial prorektori Ahmed Iskandarovga murojaat qildi. Biroq u savollarga javob berishni istamadi. Energetika vazirligi va OTFIVdan esa hali javob kelgani yo‘q.

Rasman rahbari bo‘lmagan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa xozircha vaziyatni chetdan turib kuzatishni ma’qul ko‘rmoqda.

Zuhra Abduhalimova,jurnalist