Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

“4 yil o‘zimni chet elda o‘qishga tayyorladim” - AQShdagi nufuzli OTMda o‘qiyotgan o‘zbek qizi

05-dekabr 13:35
“4 yil o‘zimni chet elda o‘qishga tayyorladim” - AQShdagi nufuzli OTMda o‘qiyotgan o‘zbek qizi

Jorj Vashington universiteti talabasi Amira Asqarovaning fikricha, abituriyent qaysi fanni yaxshi bilishi orqali kelajakdagi kasbini tanlashi kerak emas. Har bir nomzod o‘z qiziqishlari, salohiyatidan kelib chiqib sohaga kirishi lozim. “Aksariyat talabgorlar “OTMga kirib olsam bo‘ldi”, – degan maqsadda bo‘ladi. Hozir magistraturada o‘qib shuni tushunyapmanki, bu xato ekan”, — deydi u Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Amerikaning Jorj Vashington universiteti dunyo reytinglarida top 300 talikka kiritilgan eng nufuzli oliygohlardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonlik Amira Asqarova hozirda shu universitetning magistraturasida "Oliy ta’lim boshqaruvi" yo‘nalishida to‘liq grant asosida tahsil olmoqda.

Ota yurti asli Buxoro bo‘lgan Amira 1995 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. U bakalavr bosqichini O‘zbekiston Jahon tillari universitetida, magistrlikning ilk davrini Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tamomlagan. Hozirda ta’lim olayotgan yo‘nalishi ikkinchi magistrlik darajasi hisoblanadi.

Amira Kun.uz’ga bergan intervyusida qanday qilib AQShga borib qolgani, u yerdagi o‘qitish tizimi, to‘liq grant olish uchun nimalar kerakligi, qizlarning ta’lim olishi haqida gapirib berdi.

“Imtihonlarda doim yaxshi ball to‘plasam ham, hatto kontraktga ilinmasdim”

Ikki yil davomida Toshkent shahridagi Inha universitetida talabalar va ularni qo‘llab-quvvatlash, akademik boshqaruv bo‘limlarida faoliyat olib borganman. Aynan mana shu yerda oliy ta’lim sohasiga qiziqish uyg‘ongan. Shuning uchun bu yo‘nalishda AQShda o‘qiyapman. Bunga sababchilardan biri “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisoblanadi.

AQShdagi magistratura 2 yillik bo‘lib, hozirda 2-bosqichda tahsil olyapman. 2 yil davomidagi barcha xarajatlarim, ya’ni yashash, kontrakt summasi, tibbiy sug‘urta, aviachiptalar, viza bilan bog‘liq barcha xarajatlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan qoplanadi.

To‘g‘risini aytsam, o‘zi aslida bakalavriatga 3 yil kirolmay-kirolmay, yiqilib, keyin o‘qishga qabul qilinganman. Imtihonlarda doim yaxshi ball to‘plasam ham, hatto kontraktga ham ilinmasdim. So‘ng omadim kelib, bir yili ballar pastlaganida ko‘pchilik o‘qishga kirib ketishdi, shu qatori men va do‘stlarim ham. Bakalavriatdagi 4 yillik ta’lim davomida o‘zimni xorijga ketishga tayyorlaganman. Hujjatlar, IELs sertifikati bo‘ladimi, hammasini tayyorlab, o‘qishga topshirishni reja qilib yurganman. O‘sha vaqtlarda maqsadim Koreyaga ketish edi, lekin birdaniga pandemiya boshlanib qoldi. Hamma davlatlar o‘z eshigini yopib, xalqaro talabalarni o‘qishga qabul qilmay qo‘yishdi. Topshirishim kerak bo‘lgan ba’zi imtihonlarni ham topshirolmay qoldim. Keyin shu vaqtda dadam o‘zimizdagi OTMga magistraturaga topshirishni tavsiya qildi. Menimcha, o‘sha paytda xorijga ketishimga ko‘zlari yetmagan bo‘lsa kerak.

Magistraturaga o‘qishga topshiradigan yilimda o‘zingiz o‘qigan sohadan boshqa yo‘nalishga ham hujjat topshirishingiz mumkin edi, bunga ruxsat berilgandi. Aynan men topshiradigan yildan keyin bu amaliyot olib tashlandi. Hamma o‘ziga mos bo‘lgan yo‘nalishga topshirishi kerak bo‘ldi. Bu borada ham omadli bo‘lganman, chunki topshirgan yo‘nalishimga kirolmayman deb o‘ylagandim, ya’ni hozir kira olmasam, keyingi yana harakat qilib chetga o‘qishga, magistraturaga ketaman degan xayolda bo‘lganman. Lekin qarabsizki, magistraturaga qabul qilishgan, kirib ketganman. Afsuslanmayman, juda yaxshi ta’lim berishgan, do‘stlar orttirganman, iqtisod haqida umumiy tushunchalar berishgan.

“Parallel ravishda ham o‘qib, ham ishlaganman”

Magistraturada o‘qishga topshirgan vaqtimda Toshkent shahridagi Inha universitetiga ishga ham kirganman. U yerda ishlab yurganimda taxminan ikki oylardan keyin javob chiqqan, qarasam, magistraturaga qabul qilinganman, yana shunda ham davlat granti asosida. Keyin “nimaga yo‘q?” deb, parallel ravishda ham o‘qib, ham ishlaganman.

Faoliyatim davomida talabalar, professorlar bilan ishlab, oliy ta’lim boshqaruviga qiziqib qolganman, keyin shu yo‘nalishda magistraturada o‘qishga qaror qilganman. Keyinchalik Inha universitetidagi hamkasblarim “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali boshqa davlatlarga o‘qishga ketishgan, shularga havas qilib, ulardan maslahat olib men ham hujjatlarimni tayyorlab, universitetga qabul qilinganman.

Universitet 60 foiz atrofida grant ajratgan. Lekin qolgan qismi ham katta miqdorni tashkil qilar edi. Shuncha mablag‘ni topishga, to‘lashga o‘zimning kuchim yetmas edi, ota-onamning ham sharoiti bo‘lmasdi. Chunki 40 foiz kontrakt to‘lovidan tashqari, yashash va yo‘lkira xarajatlari bor, bilamiz, AQShda yashash oson, arzon emas. Shularni hisobga olib “El-yurt umidi” jamg‘armasiga hujjatlarimni topshirganman. Oradan 2 oylar o‘tib, stipendiatlar orasida borligimni ko‘rganman. Buni ko‘rib juda ham xursand bo‘lganman.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan o‘tgan suhbat juda qiyin bo‘lgandi. Yo‘nalishim bo‘yicha farmon, qonun, hujjatlardan tashqari, tarixiy bilimlar sinalgan, psixologik savollar ham berilgan. Umuman olganda, savollarga qanday holatda javob berishim, chidamlilik darajamni sinovdan o‘tkazishgan. Bundan asosiy maqsad shu xorijda o‘qishni tamomlagach O‘zbekistonga qaytib kelib, o‘z bilimlaringizni shu mamlakat rivojiga ishlatasizmi yoki yo‘q, bularni ham tekshirishgan. Suhbat davomida 10-12 kishi o‘tirib, ularning har biri har tarafdan savol beradi. Bu narsa biroz qo‘rqitadi, lekin u yerdagi har bir professor, soha mutaxassislari juda samimiy edi. Ularning har biri bu stipendiyaga loyiq ekaningizni isbotlashingizni kutadi.

“AQShda faqat kitob o‘qib, kutubxonadan chiqmay izlanish qilib o‘tirmaysiz”

Ayni vaqtda AQShdagi o‘qishim juda yaxshi ketyapti. Birinchi kursda osonroq edi, chunki o‘sha vaqtda osonroq fanlar qo‘yilgandi. Ya’ni nazariy bilimlari kamroq, amaliyot ko‘proq talab qiladigan fanlarni olgandim. Ikkinchi kursda fanlar biroz qiyinroq, nisbatan olib qaraganda o‘qiydigan narsalar ko‘p, izlanishlar olib borish kerak, kurs ishlari yozish lozim. Semestr yakunida har bitta fan yuzasidan “research work”, ya’ni qanday izlanish qilganingizni so‘rashadi. Mavzu beriladi, shu mavzu doirasida izlanish olib borish kerak bo‘ladi. Masalan, bir fanimni tasvirlaydigan bo‘lsam, bizning oldimizga shunday vazifa qo‘yilganki, u vazifani o‘z sohasining mutaxassislaridan biri bilan intervyu qilgan holda, boshqa maqolalarni o‘qib, ularni bir-biriga solishtirib, javoblari orqali izlanishlarni yozish kerak bo‘ladi.

Fanlarim juda qiziq, chunki izlanishlar davomida amaliyotga bog‘lashga sharoit yaratib berishgan. Ya’ni faqat kitob o‘qib, kutubxonadan chiqmay izlanish qilib, kompyuterda shunchaki yozib o‘tirmaysiz, sizni kimdan, qayerdan intervyu olish mumkin bo‘lgan joyga jo‘natishadi yoki professorlarimizning o‘zlari olib borishadi. Ya’ni izlanish davomida o‘rganayotgan joydagi odamlar bilan tanishasiz, atmosferani ko‘rasiz, qolaversa, ular qanday ishlar bilan shug‘ullanishayotgani bilan tanishib, ular olib borgan izlanishlarni ham o‘rganishingiz mumkin. To‘g‘risi, bunday darajada yaxshi bo‘lishini kutmagandim, o‘ylaganimdan ham yaxshi bo‘lib chiqdi. Ya’ni men kutgan narsalarning hammasi bor.

“Yillar davomida olingan bilimni 2-3 soatli test bilan sinash – noto‘g‘ri”

Men uchun birinchi o‘rinda O‘zbekistondagi OTMga qabul tizimi boshqacharoq ko‘rinadi. Bizning yillar davomida olgan bilimlarimiz 2-3 soat ichida o‘tkaziladigan testlar orqali sinaladi, menimcha, bu – noto‘g‘ri amaliyot. Hujjat topshirilayotgan oliygoh yo‘nalishiga kelgusida o‘zini bag‘ishlay olish, bu sohada yangi izlanishlar qila olish, umuman, bu yo‘nalishga qiziqish borligi bo‘yicha hech savol berilmaydi. Ya’ni maktab vaqtida, litsey-kollejni bitirishadimi, o‘qishga kirishim kerak, shu fanlarni o‘qishim kerak deyishadi.

To‘g‘ri, abituriyentlar orasida aniq maqsad qo‘yib, harakat qiluvchilar bor. Lekin ularning aksariyat qismi OTMga kirib olsam, bo‘ldi degan maqsadda bo‘ladi. O‘zimda ham ingliz tilini yaxshi bilaman, testlarni yaxshi yecha olyapman, shuning uchun bu fan imtihonda birinchi blok bo‘lishi kerak, shunda yuqori ball olib, o‘qishga kirib ketaman degan tushunchalar bo‘lgan. Hozir magistraturada o‘qib, aynan shu yo‘nalishda faoliyat olib borib, tushunib yetyapmanki, bu xato ekan. Ya’ni abituriyent talaba bo‘lmoqchi ekan, o‘z oldiga aniq maqsadni qo‘yishi kerak. Qaysi sohaga qiziqishi, bu soha uchun qaysi fanlarni o‘qishini shu ketma-ketlikda bilib olishi lozim.

Qolaversa, qabul tizimida testdan tashqari, men kiritishni istagan yana bir bosqich bu – Amerika universitetlariga xos bo‘lgan motivatsion xatlarni yozish yoki suhbat. Ya’ni bu xatda talabgor o‘zining xohishlari, kelajakda nima ish qilishni istashi, sohaning qaysi yo‘nalishlari qiziq ekani haqida yozishadi. Ba’zi Amerika oliygohlarida intervyu, ya’ni suhbatlar ham o‘tkaziladi. Bunday suhbatlarda hujjat topshirilgan soha nomzodga qanchalik mos ekanini tekshirishadi. Mana shu jarayonlarni qo‘shgan bo‘lar edim. Albatta, boshida bu amaliyot qiyinchiliklar olib keladi, chunki O‘zbekistonda talabalar soni ko‘p, OTMning onlayn platformalari rivojlanmagan yoki ishga tushirilmagan.

Intervyuni to‘liq yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.