Abituriyentlar uchun foydali maslahatlar
Ayni paytlarda 2024-yilgi kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan aksariyat abituriyentlar bilim olish, maktab va kollejlarda egallagan bilimlarini takrorlashga qattiq kirishgan. Kimdir repetitor yollab, mashg‘ulotlarga qatnayotgan bo‘lsa, kimdir mustaqil shug‘ullanmoqda. Abituriyentlarga imtihonga tayyorgarlik bo‘yicha bir qator foydali tavsiyalarni sizga taqdim etamiz. Ularga rioya qilish tayyorgarlik, bilimlarni sinovdan o‘tkazish va imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirishga yordam beradi. Demak, bo‘lg‘usi talabalar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan tavsiyalar quyidagilardan iborat.
- Vaqtingizdan unumli foydalaning
Ayrim abituriyentlar imtihon boshlanishiga bir kun qolganda: “Qaniydi yana bir hafta vaqt berilsayu yaxshilab takrorlab olsam", deb orzu qiladi. Bunday holga tushib qolmaslik uchun sinovlarga vaqt borida tayyorgarlik ko‘rib borish kerak. Buning uchun vaqtingizni samarali taqsimlab chiqing. Har xil foydasiz mashg‘ulotlar, “Odnoklassniki", “Facebook" yoki Telegram uchun qimmatli vaqtingizni isrof qilmang.
Miyaga zo‘riqish beradigan ortiqcha axborotlardan xalos bo‘lishga harakat qiling. Buning eng to‘g‘ri yo‘li — ijtimoiy tarmoqlar, do‘stlar bilan uchrashuv va suhbatlardan imtihongacha uzoqlashish. Agarda bu qo‘lingizdan kelmasa, sevimli resurslarga kiradigan vaqtingizni cheklang — kuniga 10-20 daqiqadan oshmasin. Aks holda ulgurmasligingiz mumkin.
- To‘g‘ri ovqatlaning
Unutmang, miyaning yaxshi ishlashi uchun unga yetarli miqdorda suyuqlik kerak. Shuning uchun doimo o‘qiyotgan vaqtda oldingizda ichishga suv yoki ko‘k choy bo‘lsin.
Shifokorlar abituriyentlar ertalabki nonushtaga katta e’tibor qaratishi kerakligini uqtiradi. Ertalabki ovqat kishiga kun davomidagi zarur energiyani beradi. Ertalab organizm “uyqudan uyg‘onishi" uchun bir stakan suv iching, oradan qanchadir vaqt o‘tib ovqat yeng. Nonushta kletchatka va oqsilga boy bo‘lishi shart: suli bo‘tqasi (ovsyanaya kasha), tuxum, yog‘siz tvorog, pishloq, yong‘oq, xo‘l va quruq mevalar.
Tushlik va kechki ovqatda V guruhiga mansub vitaminlar va temirga boy mahsulotlar — qizil go‘sht va jigar, baliq, yirik maydalangan bug‘doy va boshoqli o‘simliklar unidan yopilgan non, rangli karam, qo‘ziqorinlar koni foyda. Ovqatlanishlar orasida ham yengil tamaddi qilib olishni unutmang. Lekin konfet, chips, gazli ichimliklar kabi kimyoviy moddalar qo‘shilgan yeguliklardan uzoqroq bo‘ling, ular o‘rniga meva va sabzavotlar iste’mol qiling. Ba’zida qora shokolad yeb turing. Uning achchiqrog‘ini tanlang — miyaning yaxshiroq ishlashiga yordam beradi.
- O‘qishga aql bilan yondashing
Kirish imtihonlariga tayyorgarlik vaqtida katta hajmdagi axborotlar bilan ishlashga to‘g‘ri keladi, tabiiyki, bu paytda organizm charchaydi. Tayyorgarlik vaqtida qiynalib qolmaslik uchun tanaffus qilib turishni ham unutmang. Har 40-50 daqiqada 10-15 daqiqa dam olish tinimsiz 8 soat o‘qigandan ko‘proq foyda beradi.
O‘qigan narsalarni esga olib turish ham kerak: dastlab mavzuni o‘qigandan 15-20 daqiqadan keyin bir esga oling, 8-9 soatdan keyin takrorlang, bir sutkadan keyin yana eslang. Har bir takrorlashda xatolarga diqqat qarating va ularni tahlil qiling. Biror ma’lumotni 2-3 daqiqa davomida eslashga urinib ko‘ring, eslolmasangiz, kitobni ochib, o‘qib ko‘ring.
- Mashg‘ulotlar turini almashtirib turing
Doimo bitta mashg‘ulot bilan band bo‘lish odamni zeriktirib, ishtiyoqini so‘ndirib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun uzoq vaqt o‘qish yoki ma’ruza eshitishdan keyin toza havoda sayr qilish, yugurish, bir joyda sakrash, so‘ngra test yoki mashq yechish foydali. Mashg‘ulotlar turining almashib turishi miyani tez charchashdan xalos etib, o‘qish uchun yangi kuchlarni to‘plashga yordam beradi.
- Bilimlarni vizuallashtiring
Sxemalar, jadvallar va diagrammalar abituriyentning eng yaqin do‘stlaridir. Vizual holatda berilgan informatsiya miyada osonroq esda qoladi. Ularni o‘zingiz tayyorlasangiz, yanada yaxshi. Chunki bu xotira san’ati – mnemonikaning ayni o‘zidir. Vaterloo universiteti (Kanada) olimlarining ta’kidlashicha, chizish — eslab qolishning eng samarali usulidir. Vizual “shpargalka"larni yaratish uchun rangli flomaster va ruchkalardan foydalaning. Ular yordamida eng muhim ma’lumotlarga belgi qo‘yib boring.