Alisher Qodirov o‘qishga kirolmagan barcha o‘g‘il bolalarni majburiy harbiy xizmatga jo‘natishni taklif qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov maktabda o‘qituvchida erkinlik, o‘quvchida intizom bo‘lishi shartligi haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Milliy gvardiya maktablarda profilaktik ishlarni amalga oshirishni boshlaganidan keyin qisqa vaqt ichida 124 ming o‘quvchi sababsiz maktabga kelmagani aniqlangan. Ta’kidlanishicha, 3 ming nafar ota-ona Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan jarimaga tortilgan.
“Bu jazo shikoyat bo‘lmagani uchun deyarli qo‘llanmagan. Maktabni ham tushunish kerak bolani o‘qitsinmi, ota-onasi bilan tortishsinmi… G‘arb yo‘qotilgan avlod oila va ta’limda qadriyatlarni rad etish natijasi ekanini tan olmoqda”, — deb yozadi u.
Alisher Qodirovga ko‘ra, tarbiya masalasida keskin qarorlardan qochmaslik kerak. “Milliy tiklanish” yetakchisi maktabni tugatgan, o‘qishga kirganlardan tashqari barcha o‘g‘il bolalarni to‘lovlarsiz, bir yillik majburiy harbiy xizmatga jalb qilish lozimligini ta’kidladi.
“Tartib va mas’uliyatni maktab va harbiy xizmatda o‘rgatmasak, qamoqxonada hech qachon o‘rgatib bo‘lmaydi. O‘zbekistonni erkinlikni hadsizlik deb biladigan, atlas kostyum xunasalar emas, o‘z qadrini biladigan, tafakkur qiladigan o‘g‘il-qizlar rivojlantiradi.
Nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda bog‘cha va maktab milliy xavfsizlik masalasiga aylangan. Uni nafaqat Milliy gvardiya, balki, butun jamiyat qo‘riqlashi kerak”, — deydi u.