Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

“Eng yaxshi startap gʻoyasi” va “Eng innovatsion gʻoya” tanlovlari oʻtkaziladi

Bugun, 10:16
“Eng yaxshi startap gʻoyasi” va “Eng innovatsion gʻoya” tanlovlari oʻtkaziladi

Prezidentning 2026-yil 11-fevralda “Startaplarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–59-son qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan bosqichma-bosqich oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari hamda umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 9–11-sinf oʻquvchilari uchun har oyda kamida 2 marotaba startap gʻoyalarni yaratishga oʻrgatuvchi “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:

— oʻquvchilar oʻrtasida “Eng yaxshi startap gʻoyasi” tanlovi oʻtkaziladi, tuman darajasidagi gʻoliblarga 5 mln soʻmgacha, viloyat darajasida – 10 mln soʻmgacha miqdorda mukofot beriladi;

— loyihalar har chorakda oʻquvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi;

— marketpleyslar bilan hamkorlik oʻrnatib, taʼlim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlarni sotish yoʻlga qoʻyiladi.

2026-yil 1-apreldan muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilishning quyidagi tizimi joriy etiladi:

— davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar oʻz sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar boʻyicha:

— kraudsorsing elektron platformasida eʼlon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi;

— har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“Startap kuni”) oʻtkazadi.

Shuningdek, qarorga koʻra, 2026-yildan har yili startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori boʻlgan gʻoyalarni aniqlash boʻyicha “Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlov davlat oliy taʼlim tashkilotlarida oʻtkaziladi va gʻoliblarga 100 mln soʻm grant beriladi;

respublika bosqichi 10 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi, mukofot jamgʻarmasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 10 mlrd soʻm etib belgilanadi.

2026-yil 1-sentyabrdan oliy taʼlim tashkilotlarida “Oliygohlar – startaplar generatori” dasturi amalga oshiriladi. Bunda:

— oliy taʼlim tashkilotlarida IT-park va venchur jamgʻarmalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari joriy etiladi;

— talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka va almashinuv dasturlari yoʻlga qoʻyiladi;

— oliy taʼlim tashkilotlariga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va talabalar akseleratorlari orqali har bir loyihaga 20 ming AQSH dollarigacha ekvivalentda oʻz mablagʻlarini investitsiya qilish huquqi beriladi;

— talabalar akseleratorlarida “startap menejer” va “startap treker” lavozimlari koʻzda tutiladi.