Imtihonlar.uz Onlayn test topshirish

Gemini platformasida SAT imtihoniga tayyorgarlik uchun bepul testlar joriy etildi

Bugun, 11:02
Gemini platformasida SAT imtihoniga tayyorgarlik uchun bepul testlar joriy etildi

Google kompaniyasi o‘zining Gemini sun’iy intellekt platformasida bepul, to‘liq formatdagi SAT amaliy testlarini taqdim etdi. Yangi imkoniyat talabalarni dunyodagi eng muhim universitetga kirish imtihonlaridan biri bo‘lgan SAT’ga samarali tayyorlashda yordam beradi.

Mazkur yangilik Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan Ta’lim va texnologiyalar bo‘yicha BETT konferensiyasida e’lon qilindi. Tadbirda Google ta’lim jarayonini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa sun’iy intellekt vositalarini ham tanishtirdi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Gemini platformasida mavjud SAT amaliy testlari bepul va istalgan vaqtda topshirish mumkin. Testlar The Princeton Review kabi yetakchi ta’lim tashkilotlari tomonidan tayyorlangan va haqiqiy imtihon talablariga moslashtirilgan.

Amaliy testni yakunlagan foydalanuvchilar darhol o‘z natijalari bo‘yicha tahlil va tavsiyalar oladi. Gemini kuchli va zaif tomonlarni aniqlab, shaxsiylashtirilgan o‘quv rejasini taklif etadi hamda tushunarsiz savollarga izoh berib, interaktiv o‘quv yordamchisi vazifasini bajaradi.

Hozircha platformada faqat SAT imtihoni bo‘yicha testlar mavjud bo‘lib, kelgusida boshqa standartlashtirilgan imtihonlar ham qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, SAT — asosan AQSh va xalqaro universitetlarga kirishda qo‘llaniladigan standartlashtirilgan imtihon bo‘lib, har yili dunyo bo‘ylab 2 milliondan ortiq o‘quvchi tomonidan topshiriladi.

Imtihon o‘qish va yozish ko‘nikmalari, matematik tafakkur hamda muammolarni hal qilish qobiliyatini baholaydi. Ballar 400 dan 1600 gacha bo‘lgan oraliqda beriladi.