Germaniyaga ketuvchi o‘zbekistonliklar uchun til bilish talabi yumshatilishi mumkin
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Germaniyaning Mangold Consulting Gmbh kompaniyasi prezidenti Klaus Mangold hamda boshqaruvchi direktor, doktor Kristof Mangold bilan uchrashdi.
Unda xorijda ishlovchilar uchun sharoitlar, kasb-hunarga o‘qitish va o‘zbekistonlik fuqarolarni Germaniyada talab yuqori bo‘lgan ishlarga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda O‘zbekistondan tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassislar Germaniyada ish faoliyatini olib bormoqda. Mazkur yo‘nalishda hali hamon ish kuchiga talab kattaligi bildirib o‘tildi. Germaniyadagi 1000 dan ortiq shifoxonalarga tibbiyot xodimlari yetishmayotganligi va bu borada O‘zbekiston tomoni ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga tayyorligi ta’kidlandi.
Biroq, ushbu jarayonni til bilishdagi muammolar sekinlashtirib yuborayotganligi va bu borada til bo‘yicha qo‘yilgan talablarni yumshatish taklif etildi. Jumladan, nemis tili o‘quv kurslari muddatini qisqartirish zarurligi bildirildi.
Uchrashuvda nafaqat tibbiyot yo‘nalishidagi balki metallni qayta ishlash korxonalaridagi mexatronika, logistika, yuk avtomobili haydovchiligi yo‘nalishlariga katta talab borligi aytib o‘tildi. Barcha kelishuvlarni tezroq hayotga tatbiq etish uchun huquqiy asoslarni ishlab chiqishga kelishib olindi.