Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

Imtiyozli ta’lim krediti kimlarga ajratiladi?

06-sentabr 16:59
Imtiyozli ta’lim krediti kimlarga ajratiladi?

Imtiyozli ta’lim krediti O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarida to‘lov-kontrakt asosida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarga ajratiladi.

Kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki boshqa uchinchi shaxslar ta’lim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin.

Imtiyozli ta’lim krediti muddatlari

Ta’lim krediti rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatga ajratiladi. 1-kurs talabalari uchun bu muddat 11 yil 7 oygacha davom etishi mumkin.

Ta’lim krediti miqdori va foiz stavkasi

Kredit talaba va ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi to‘lov-kontraktda ko‘rsatilgan miqdorda beriladi. Kredit Markaziy bankning asosiy stavkasida (14 foiz) ajratiladi, lekin stavka pasaytirilgan taqdirda, foiz stavkasi ham mos ravishda kamayadi.

Bundan tashqari, xotin-qizlar uchun kredit 0 foiz stavkada ajratiladi. "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalarning farzandlari uchun garov va kafillik talab etilmaydi.