Maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot beriladi
Xabar berganimizdek, bugun, 24-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur muloqotda, axborot xurujlari avj olayotgan bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishi qayd etildi.
Bu ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun tuzilgan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali eng iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma beriladi va bir yil davomida oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lanadi.
Eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmi qoplanadi.
Mutasaddilarga yangi o‘quv yiligacha eng yaxshi 100 ta asardan iborat kitoblar to‘plamini tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish topshirildi. Maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot beriladi.
Kutubxona, “book cafe” va kitob do‘konlari ochib, kitob savdosini oyiga 10 ming donadan oshirgan tadbirkorlarga uch yilga 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda berish yo‘lga qo‘yiladi.