O‘qituvchi mukofot olganda ham moddiy yordam olish imkoniyati mavjudmi?
Prezident maktabiga tayyorlanuvchilar uchun mobil ilova
➡️ YUKLAB OLISH
Mukofot olgan o‘qituvchi moddiy yordam ololmaydimi?
O‘qituvchi yetarli asoslar bo‘lganda moddiy yordam olishga haqli bo‘ladi. Moddiy yordam va mukofot pulining bir-biriga aloqasi yo‘q.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, umumta’lim muassasalari xodimlariga moddiy yordam kalendar yil davomida ikki lavozim maoshi (o‘qituvchining tarif stavkasi) miqdorigacha:
- xodimning o‘zi va yaqin qarindoshi (otasi, onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandi) vafot etganda;
- og‘ir kasallikka chalinganda;
- xodim tabiiy ofatdan zarar ko‘rganda ko‘rsatiladi.
Qoidaning mazmuniga ko‘ra xodim maktabda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan davrda yuqoridagi holatlar sodir bo‘lsa, direktor jamg‘armasida mablag‘ yetarli bo‘lgan taqdirda xodim 2 lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam olishga haqli.
Mana shu qoidaga ko‘ra xodim 1 kalendar yilida jami 2 lavozim maoshigacha moddiy yordam olishi mumkin.
Ushbu nizomning 29-bandiga ko‘ra umumta’lim muassasalari xodimlari, shu jumladan rahbar xodimlari faqat «1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan Jamg‘armaning mavjud mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizigacha miqdorida mukofotlanishi mumkin.
Bunda mazkur mukofot har o‘quv yili uchun berilishi mumkin. Nizomda bir marta mukofot olgan o‘qituvchi kelasi yil mukofot olmasligi kerakligi haqida cheklov yo‘q. Shuningdek, aynan qanday asoslarga ko‘ra mukofot berilishi haqida aniq qoida ham yo‘q.
Mehnat kodeksining 252-moddasida mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilmagan rag‘batlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega bo‘lgan hamda ish beruvchining qaroriga ko‘ra xodimning oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar (yubileylar, bayram sanalari va boshqalar) yuz berganligi yoki xodim tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilganligi (ish beruvchining alohida muhim topshirig‘ini bajarish, ratsionalizatorlik taklifini kiritish va boshqalar) munosabati bilan to‘lanadigan pul mukofoti ekanligi belgilangan.
Shunga ko‘ra 1-oktyabr munosabati bilan hamma o‘qituvchilar mukofot olishga haqli. Biroq bunda maktabning smetasida qo‘shimcha pul mablag‘i bo‘lishi lozim.