Imtihonlar.uz Yuksak marralar sari

O‘zbekistonda tibbiyot talabalari robot-simulyatorlar yordamida imtihon topshiradi

5.12.2023 14:20
O‘zbekistonda tibbiyot talabalari robot-simulyatorlar yordamida imtihon topshiradi

O‘zbekiston tibbiy oliy ta’limida talabalarning bilim va ko‘nikmalarini baholash, ularning malakali kadr bo‘lib yetishishini ta’minlashga qaratilgan qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Ilm-fan va ta’lim boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismoilov ma’lumot berdi.

«2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura bosqichlari talabalarining nazariy hamda amaliy bilim-ko‘nikmalari inson omilisiz, maxsus robot-simulyatorlar orqali baholanadi», dedi Ismoilov.

«Ma’muriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»da tibbiyot oliy ta’lim muassasalari hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash muassasalari uchun ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan simulyator uskunalarini xarid qilish vazifasi belgilangan edi. Muassasalarda ushbu uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda», deb qo‘shimcha qildi u.

Qayd qilinishicha, talabalar klinik imtihonlardan o‘ta olsa, shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat beriladi

2024-2025 o‘quv yilidan barcha davlat va nodavlat tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida ikki bosqichli davlat imtihonlarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi. 1-bosqichda talabalar fundamental fanlar bo‘yicha yakuniy davlat imtihonlarini topshirsa, 2-bosqichda klinik fanlarni o‘zlashtirganlik darajasi baholanadi. Dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlarga kursdan kursga o‘tishga, klinik bilimlarga oid sinovlarda yaxshi natija ko‘rsatganlarning esa amaliyotda shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat etiladi. Ordinaturaga va internaturaga kirish imtihonlari ham inson omilisiz o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan 2023/2024 o‘quv yilida klinik ordinatura va internatura yo‘nalishi bo‘yicha imtihonlarni tashkil etish maqsadida test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari va ularni shakllantiruvchi ekspertlar guruhi tasdiqlangan.

Bu yildan boshlab klinik ordinatura va internaturaga kirish imtihonlari inson omilidan butunlay xoli bo‘lishi aytilmoqda. Shu paytgacha qabul jarayoni suhbat asosida o‘tkazilgan edi.

Endi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy tadqiqot institutlarida klinik ordinatura va internatura mutaxassisliklari bo‘yicha kirish imtihonlari bir bosqichli test sinovlari asosida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.

Bunda har bir talabgor uchun BHM yarim baravari miqdoridagi to‘lov tegishli tibbiy ta’lim muassasasi tomonidan to‘lab berilishi belgilangan. Qabul jarayonlari yiliga 2 marta tashkil etiladi.

Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari tor soha mutaxassislari tayyorlashda ishtirok etadi. «Yo‘l xatirasi»ga asosan yetakchi xususiy klinikalarda klinik ordinatura dasturlari asosida tor doiradagi mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Davlat tibbiy oliy ta’lim muassasalarining xirurgiya, kardiologiya, stomatologiya va terapiya kabi qator kafedralariga rivojlangan xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida o‘quv-klinik amaliyot bazasini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Xususiy tibbiyot muassasalarining klinik ordinaturaga qabul jarayonlari ham davlat muassasalarida bo‘lganidek, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bir bosqichli test shaklida yiliga 2 marta amalga oshiriladi.