HEMIS tizimiga yangi QR-davomat va ijtimoiy faollik funksiyalari qo‘shildi
HEMIS tizimi 2026-yil 12-mart kuni yana yangilandi. Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Yangi versiyasida amalga oshirilgan barcha o‘zgarishlar bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin:
O‘quv rejasidan tashqari fanlar davomati:
“Ma’rifat soati” kabi o‘quv rejasiga kirmaydigan mashg‘ulotlarni dars jadvaliga kiritish va ular bo‘yicha alohida davomat yuritish imkoniyati qo‘shildi.
QR-davomat funksionali:
Dars vaqtida real vaqt rejimida dinamik QR-kodni o‘qitish orqali talabalar davomatini avtomatik qayd etish tizimi ishga tushirildi.
Kursdan kursga o‘tkazish:
Ta’lim buyruqlari menyusi orqali talabalarni yuqori bosqichga (kursga) o‘tkazish bo‘yicha buyruqlarni rasmiylashtirish funksiyasi qo‘shildi.
O‘qishni ko‘chirish:
Tizimga boshqa OTMlardan o‘qishini ko‘chirib kelgan talabalar ma’lumotlarini kiritish va tegishli ta’lim buyruqlarini shakllantirish imkoniyati yaratildi.
Bitirish buyrug‘i:
Bitiruvchi kurs talabalari uchun ta’lim buyruqlari funksionali orqali o‘qishni tamomlash (bitirish) buyrug‘ini rasmiylashtirish funksiyasi qo‘shildi.
Semestrdan semestrga o‘tkazish:
Talabalarni bir o‘quv yili doirasidagi navbatdagi semestrlarga o‘tkazish jarayonini boshqarish funksionali ishlab chiqildi.
Ijtimoiy faollik indeksi:
Talabalarning grant taqsimoti uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy faollik ballarini hisoblash, arizalar yuborish va ularni tasdiqlash moduli qo‘shildi.
Akademik yozuvlar importi:
OTMlarning boshqa axborot tizimlaridan akademik ma’lumotlarni (baholarni) integratsiya orqali HEMIS tizimiga ko‘chirish (import qilish) imkoniyati yaratildi.
O‘quv reja filtrlari:
O‘quv rejalar ro‘yxati sahifasida qidiruv tizimi takomillashtirilib, unga “Ta’lim turi” va “Ta’lim shakli” bo‘yicha saralash filtrlari qo‘shildi.
Fanga biriktirish va baholash turi:
Talabalarni fanga biriktirish jarayonida fanning yakuniy nazorat turi (imtihon)ni tanlash va ko‘rsatish imkoniyati kengaytirildi.
Resurslar katalogi filtrlari:
Fan resurslari bo‘limidagi resurslar katalogi sahifasida qidiruv imkoniyatlari kengaytirildi va yangi filtrlar qo‘shildi.
Baholarni tuzatishdagi texnik kamchilik:
Kurs ishi va amaliyot qaydnomalarida so‘rov orqali o‘zgartirilgan baholarning akademik yozuvlarda (transkript) ko‘rinmaslik xatoligi to‘liq bartaraf etildi.
Barcha yangi funksiyalar hozirda tizimda faol holatda.
Avvalroq, HEMIS tizimining 1.5.9-versiyasi (2026-yil 31-yanvar) oliy ta’lim muassasalarida foydalanish uchun ishga tushirilganligi haqida xabar bergan edik.